Shayboniylar dahmasi hududi obod boʻladi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Samarqand shahrining Registon maydonida joylashgan Bibixonim majmuasi yaqinida Shayboniylar madrasasi boʻlgan. Ushbu madrasa hovlisida barpo etilgan dahmada xon va uning onasi, shayboniy sultonlar hamda malikalar dafn qilingan.
Sovet davrida shaharni obodonlashtirish bahonasida madrasa buzib tashlangan, dahma esa 1960-1962-yillarda Tillakori va Sherdor madrasalari atrofiga koʻchirilgan. Dahma ustida 36 ta qabrtosh bor.

Yaqinda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev ziyolilar va tarixchi olimlar bilan oʻtkazgan uchrashuvda Shayboniylar dahmasi boʻyicha bir qator takliflar bildirildi. Shundan soʻng Registon maydoni hududida joylashgan dahma ziyorat qilindi. Mutaxassislar oʻrta asr meʼmoriy yodgorligining paydo boʻlish tarixi haqida batafsil soʻzlab berishdi.
— Uchrashuvda Shayboniylar sulolasi tarixini oʻrganish va tadqiq etish maqsadida Shayboniylar dahmasi hududini obodonlashtirish taklifini bergan edim, — deydi Registon ansambli direktori Xonqul Samarov. — Viloyat rahbari va mutaxassislar taklifimni qoʻllab-quvvatladi. Jumladan, dahma atrofida maʼlumotlar taxtasini oʻrnatish va “QR-kod”li qilib joylashtirish belgilandi, dahma yonida XIX asrda qurilgan masjid qoldiqlari, yaʼni saqlanib qolgan poydevor qismi konservatsiya qilinadigan boʻldi.

Shayboniylar dahmasi hududini obodonlashtirish, koʻchat va butalar ekish orqali yashil maydonni koʻpaytirish, ziyorat qiluvchilar uchun zarur qulayliklar yaratish borasida ham tegishli vazifalar belgilab berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring