Senat Raisi Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi bilan uchrashdi

13:47 03 Dekabr 2025 Siyosat
70 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi Laslo Kyover bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tomonlar oʻzaro doʻstlikka asoslangan munosabatlar mustahkamlanib borayotgani, 2021-yilda Vengriyaning Yevropa Ittifoqi doirasida Oʻzbekistonning birinchi strategik hamkori sifatida eʼtirof etilgani aynan yuqori siyosiy muloqot natijasi ekani qayd etildi.

Uchrashuvda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi savdo hajmi barqaror oʻsayotgani, qoʻshma investitsiya loyihalari va sanoat kooperatsiyasi izchil kengayayotgani taʼkidlandi.

Madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi faol almashinuvlar alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, parlamentlararo hamkorlik masalalari ham koʻrib chiqildi. Oʻzbekistondagi islohotlar, parlament nazoratining kuchaytirilishi va qonunchilikdagi ijobiy oʻzgarishlar haqida maʼlumot berildi. Tomonlar doʻstlik guruhlari faoliyatini jonlantirish, parlament apparati xodimlari uchun qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Qonunchilik jarayonini raqamlashtirish va elektron parlament tizimini rivojlantirish, fan, taʼlim, suv resurslarini boshqarish, qishloq xoʻjaligi va energetika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish hamda parlament faoliyati boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Vengriya parlamentlari oʻrtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir muhim hujjat imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?