“Sardoba” suv omborini qurish nega kerak boʻlgan? Prezident shu savolning javobini aytdi

09:35 16 May 2020 Jamiyat
1714 0

15-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Sardoba” suv omboridagi texnogen ofatdan talafot koʻrgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida boʻlib, aholi bilan muloqot qildi. Uchrashuvdan lavha “Oʻzbekiston 24” telekanali tomonidan namoyish etildi. Unda davlat rahbari Sardoba suv omborining hudud uchun ahamiyatiga toʻxtaldi.

“Albatta, kimdir savol berishi mumkin: shu suv ombori kerakmidi-yoʻqmidi? Bunaqa savollar hozir ham koʻp.

Nima uchun Sirdaryo va Jizzax viloyatlari rivojlanishda ortda qolgan? Suv boʻlmagani uchun. Dehqon odam biladi, paxtaga 5-6-marta suv berish kerak. Nimaga boshqa joylarda 40-70 sentner hosil olinardi-yu, bu yerda 15 sentner? Chunki ikki marta ham suv bera olmasdik-da.

Ikkinchidan, biron marta takroriy ekin eka olarmidik? Suv yoʻq edi-ku. Shuning uchun 2010-yilda toʻgʻri xulosaga kelingan”, – dedi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev texnogen ofatni tahlil etish uchun Fransiya, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlardan dunyoning yetakchi ekspertlari taklif etilishi va ular voqeaga xolisona baho berishini maʼlum qildi.

Davlat rahbari “Sardoba” suv omborini tiklashda undan kelgusida qanday foydalanilishi va bunday hodisa takrorlanmasligi hisobga olinishini qayd etdi. 

“Sirdaryo va Jizzax viloyatlarini rivojlantirish nuqtayi nazaridan – chorvaga ham, ekinlarga ham, parranda, baliqlarga ham suv kerak. Bu toʻgʻri qaror boʻlgan. Lekin shunday talafot boʻldi, [endi] kelajakda har bir qilgan ishimizni yana-da pishiqroq, puxtaroq, mukammal qilishimiz kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib oʻtamiz, mazkur suv omborining qurilish ishlari 2010-yilda boshlanib, 2017-yilda yakuniga yetkazilgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер