SamDUning “QS World University Rankings 2026” reytingiga kirishi munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

10:38 25 Iyun 2025 Jamiyat
72 0

Samarqand davlat universitetining nufuzli xalqaro reyting – “QS World University Rankings 2026” roʻyxatiga kiritilishi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, shuningdek, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Mehmonlarga SamDU Kvant markazi, Transformatsiya ofisi, saraton kasalligiga qarshi dori vositalarini yaratish laboratoriyasi, Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti faoliyati boʻyicha taqdimotlar namoyish etildi.

Tadbirni SamDU rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov ochib berdi. U oʻz nutqida mazkur yutuq — universitet jamoasining tinimsiz mehnati va ilm-fan sohasidagi barqaror rivojlanishining samarasi ekanini taʼkidladi.

Samarqand viloyati rahbari Adiz Boboyev hamda vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov soʻzga chiqib, universitet jamoasini tabrikladilar. Ular bu natija nafaqat Samarqand, balki butun respublikamiz ilm-fani uchun katta voqea ekanini alohida qayd etdilar.

Shuningdek, rektor Rustam Xolmurodov tomonidan Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar, AQSHning Texas universiteti professori, Oʻzbekiston fan arbobi Anvar Zohidov, Kaliforniya universiteti professori, Molekulyar virusologiya laboratoriyasi direktori Sharof Tugizov, Germaniyadagi Marburg universiteti katta ilmiy xodimi, PhD Sharof Xudoyberdiyevlarning tabriknomalari oʻqib eshittirildi.

Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Qahramoni, SamDU bitiruvchisi, professor Muhabbat Sharopova universitet hayotida tutgan oʻrni, taʼlim va tajribaning hayotiy yoʻliga boʻlgan taʼsirini samimiy soʻzlar bilan ifoda etdi.

SamDU professori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi Muslihiddin Muhiddinov universitet tarixidagi bu muhim bosqichni yuqori baholab, xalqaro yutuqlar ortida yillar davomida fidokorona mehnat qilgan ustozlar, ilmiy salohiyat va tizimli islohotlar mujassam ekanini eʼtirof etdi.

Tadbir yakunida rektor Rustam Xolmurodov Samarqand viloyati rahbari Adiz Boboyev hamda vazir Qoʻngʻirotboy Sharipovga universitetning esdalik nishonini tantanali ravishda topshirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер