Samarqanddagi Quldortepa yodgorligida qadimiy devoriy surat va sugʻd tangalari topildi
Foto: Samarqand arxeologiya instituti
Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan Quldortepa yodgorligida ilk oʻrta asrlarga oid devoriy surat va sugʻd tangalari topildi. Bu haqda Samarqand arxeologiya instituti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, eng muhim topilmalardan biri — ibodatxonaning dastlabki qurilish davriga oid devoriy suratlardir. Oq fon ustidan qizil va qora ranglarda ishlangan bu tasvirlarda geometrik naqshli friz bezaklari yaqqol koʻzga tashlanadi.
Shuningdek, ibodatxonadan qator noyob ashyolar ham topilgan. Xususan, uzunligi 4,75 metrli archa ustun, Xitoyning Xan sulolasi davrida ishlab chiqilgan oyna, shuningdek, Sugʻd hukmdori Ukkurt Chamuk tangalari aniqlangan. Ayni paytda Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari topilgan devoriy suratlarni konservatsiya va restavratsiya qilish ishlarini olib bormoqda.
Mazkur yodgorlik qadimgi Xitoy yozma manbalarida Mi yoki Mimoxe, arab-fors manbalarida esa Maymurgʻ nomi bilan tilga olingan va muhim rustoq markaz sifatida qayd etilgan.
Soʻnggi yillarda bu maskanda Oʻzbekiston – Yaponiya hamda Oʻzbekiston – Germaniya olimlari hamkorligida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida ilk oʻrta asrlarga oid ibodatxonaning sigʻinish xonasi, ustunli ayvon va yoʻlakli xonalar oʻrni ochib oʻrganildi.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, Quldortepa topilmalari ilk oʻrta asrlarda Sugʻdda kechgan diniy jarayonlar, meʼmorchilik va madaniy anʼanalar haqida yangi va muhim maʼlumotlarni taqdim etmoqda.
Maʼlumot uchun, oʻrta asrlarga oid boʻlgan ushbu yodgorlik Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan moddiy madaniy merosning milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring