Samarqandda yangi avtovokzal foydalanishga topshirildi
Samarqand shahrining Choʻpon ota hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan yangi, zamonaviy va koʻp tarmoqli infratuzilmaga ega boʻlgan avtovokzal majmuasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 12 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. Yangi avtovokzal zamonaviy arxitektura, energiya tejamkor yechimlar va xavfsizlik standartlari asosida qurildi.
Bu maskanda yoʻlovchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Keng va yorugʻ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolar orqali qatnovlar jadvalini koʻrsatish, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar va yoʻlaklar, avtobus, mikroavtobus va yoʻnalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik koʻrikdan oʻtkazish xizmati, 24 soat ishlovchi videokuzatuv tizimi shular jumlasidandir.

Avtovokzal nafaqat transport markazi, balki keng koʻlamli xizmat koʻrsatish va savdo hududi sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda 120 ta savdo doʻkoni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona joylashgan. Yangi avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi uchun doimiy ish oʻrni yaratildi.
— Mazkur avtovokzal orqali 4 ta shahar yoʻnalishi, 19 ta shahar atrofi yoʻnalishi, “Toshkent — Samarqand” oʻrtasidagi 7 ta bogʻlovchi yoʻnalish, Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini qamrab olgan viloyatlararo va shaharlararo qatnovlar amalga oshiriladi, — deydi Samarqand viloyati transport boshqarmasi boshligʻi Ravshan Tojiyev. — Yana bir quvonarli jihati, kelgusida uzoq yillar toʻxtab qolgan “Samarqand — Sankt-Peterburg”, “Samarqand — Panjakent”, “Samarqand — Dushanbe” va “Samarqand — Olmaota” xalqaro avtobus qatnovlari qayta tiklanib, endi ushbu yangi avtovokzal orqali amalga oshiriladi.
Avtovokzalning ochilish marosimidan soʻng madaniy dastur tashkil etildi. Unda sanʼatkorlar kuy-qoʻshiqlari bilan tadbir qatnashchilariga yanada koʻtarinkilik ulashdi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring