Samarqandda turizm qishloqlari koʻpaymoqda

13:58 04 Aprel 2025 Jamiyat
94 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda Bulungʻur tumanida 19 ta arxeologik, 6 ta arxitektura madaniy meros obyekti roʻyxatga olingan boʻlib, sayyohlar diqqatini tortadigan ushbu joylar turizm maskaniga aylantirilmoqda. Tumandagi Xoʻja Hofiz Merosiy ziyoratgohi, Sheroz qalʼa yodgorligi joylashgan “Erganakli” mahalla fuqarolar yigʻini ham tabarruk manzillardan hisoblanadi. Xoʻja Hofiz Merosiy ziyoratgohiga olib boruvchi 5,5 kilometr yoʻl taʼmirlanib, 6,5 kilometr ichimlik suvi, 5,5 kilometr elektr tarmoqlari tortildi.

— Tuman hokimining qarori bilan Sheroz qalʼani qayta tiklash uchun 4 gektar maydon ajratildi, — deydi Xoʻja Hofiz Merosiy ziyoratgohi va Sheroz qalʼa yodgorligi rahbari Narzulla Qoraboyev. — Qalʼa mukammal qurilgan. Bu yerda Amir Temurning qarorgohi, harbiy askarlar uchun oshxona va koʻplab xonalar boʻlgan. Qalʼa qamalda qolgan paytlar Bulungʻur arigʻidan suv olish uchun yashirin yoʻldan foydalanilgan. Sheroz qalʼa tarixini toʻliq oʻrganish, qazish ishlarini olib borish, topilgan noyob topilmalarni restavratsiya qilish borasida loyihalar tayyorlanmoqda.

Joriy yilda Madaniy meros agentligi tomonidan Xoʻja Hofiz Merosiy maqbarasi hamda Sheroz qalʼa majmuasida qurilish-taʼmirlash va tadqiqot ishlarini olib borish maqsadida 14 milliard soʻm mablagʻ ajratilgani eʼtiborga molik.

— Shu kungacha Sheroz qalʼaga olib boriladigan 13 kilometr yoʻlga asfalt yotqizildi. 2,5 kilometr ichimlik suvi, 3,5 kilometr elektr energiyasi tarmoqlari tortilib, 29 dona yoritish chiroqlari oʻrnatildi, — deydi Tuman hokimining oʻrinbosari Azizbek Boʻriboyev. — Arxeologik qazishma vaqtida temuriylar davriga xos noyob yodgorliklar topilgan yerning tom qismi yopildi. Qalʼa hududida bitta avtoturargoh, 1,5 kilometr salomatlik yoʻlakchalari hamda Bulungʻur arigʻi ustiga koʻprik qurildi. Viloyatimizning boshqa tabarruk manzillarida ham bu yoʻnalishdagi ishlar davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер