Samarqandda qariyb 403 million soʻmlik sifatsiz alkogol savdosi toʻxtatib qolindi

18:00 06 Fevral 2026 Jamiyat
285 0

Samarqand viloyatida sifati kafolatlanmagan alkogol mahsulotlarining savdoga chiqarilishining oldi olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Unda aytilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oqdaryo tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Maʼlum boʻlishicha, tuman hududida joylashgan “T.S.” MCHJ masʼul shaxslari “Oʻzbekiston” MFY hududidagi savdo doʻkoni va omborxonasida umumiy bahosi 402,8 million soʻmlik kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan turli nomdagi jami 9 ming 400 dona alkogol mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlangan.

Ushbu alkogol mahsulotlari tezkor tadbir xodimlari tomonidan ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) va 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?