Sadir Japarov: “Bu tezkor qaror bilan doʻstimni asradim”

21:14 13 Fevral 2026 Dunyo
506 0

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni vitse-premyer va Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi rahbari lavozimlaridan ozod etish qarori mamlakatdagi boʻlinishning oldini olganini va shaxsiy doʻstlikni saqlab qolganini bildirdi. Bu haqda u “Kabar” agentligiga bergan intervyusida maʼlum qilgan.

Japarovning aytishicha, boʻlinish alomatlari Jogorku Keneshda namoyon boʻla boshlagan. Ayrim deputatlar guruhlari parlament aʼzolaridan: “Sen bizning tomondasanmi yoki ular tomonda?” deb soʻragan. “Bizning tomon kim?” degan savolga esa yelka nishonlarini koʻrsatib: “Bizning tomon — general tomoni, u tomon esa prezident tomoni”, deb javob berilgan.

“Agar men oʻz vaqtida qatʼiy chora koʻrmaganimda, boʻlinish oddiy fuqarolargacha yetib borgan boʻlar edi”, — dedi prezident.

Uning soʻzlariga koʻra, ayrim deputatlar va davlat xizmatchilariga bosim oʻtkazilgani haqida dalillar mavjud boʻlgan. Ularga boʻysunmagan taqdirda general bilan muammoga duch kelishlari mumkinligi aytilgan.

Japarov taʼkidlashicha, ishdan ozod etishdan oldin u shaxsan Qamchibek Tashiyevga qoʻngʻiroq qilib, vaziyatni tushuntirgan. U bu qaror doʻstini notoʻgʻri yoʻlga boshlayotgan shaxslar taʼsiridan himoya qilish maqsadida qabul qilinganini bildirgan.

“Menimcha, bu tezkor qaror bilan aksincha doʻstimni asradim. Chunki uning atrofidagilar har qanday holatda ham uni toʻgʻri yoʻldan ogʻdirishga harakat qilardi”, — dedi u.

Doʻstlik saqlanadimi, degan savolga Japarov munosabatlar lavozimlarga bogʻliq emasligini, ular oʻzgarmasligini aytgan.

Prezident, shuningdek, Konstitutsiya uni mamlakat yaxlitligi va xalq birligini himoya qilishga majbur qilishini, 2021-yilda xalq bildirgan ishonch davlat manfaatlarini shaxsiy aloqalardan ustun qoʻyishni talab etishini taʼkidlagan.

Eslatib oʻtamiz, Qamchibek Tashiyevning isteʼfosi haqida 10-fevral kuni, u Germaniyada tibbiy koʻrikda boʻlgan paytda maʼlum qilingan. Tashiyev qarorni kutilmagan deb baholagan boʻlsa-da, prezident farmonlarini bajarish zarurligini taʼkidlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер