Samarqandda “Parij—2024” Olimpiadasining reyting ballarini taqdim etadigan triatlon va paratriatlon musobaqalari boshlandi

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. 17-19-may kunlari Samarqandda triatlon va paratriatlon boʻyicha jahon kubogi bahslari boʻlib oʻtadi. “World Triathlon Cup Samarkand — 2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand — 2024” musobaqalari oldidan oʻtkazilayotgan tadbirlar, ichki musobaqalar, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi birinchiliklar jahon triatlon oilasining diqqat-markazidagi tadbirlar sirasiga kiradi.
Musobaqaning birinchi kunida 15-17 yosh toifasidagi oʻsmir oʻgʻil-qizlar mintaqaviy bellashuvlarni boshlab berishdi. Dastlab, qizlar 350 metr suzish, 13 kilometr velosiped boshqarish hamda 3 kilometr masofaga yugurish boʻyicha omadini sinovdan oʻtkazgan boʻlsa, oʻgʻil bolalar ham xuddi shunday masofani birinchi boʻlib bosib oʻtishga harakat qilishdi.
Albatta, triatlon 3 ta sport turini oʻzida mujassam etgani bilan qiziqarli. Shu bois kim eng bardoshli, jismoniy chiniqqan, chidamli boʻlsa marrani birinchi boʻlib zab etadi.
Sportchilar gʻalaba qozonish uchun oʻzlarining bor imkoniyatini ishga solishdi. Muxlislar ularni tinimsiz olqishlab turishdi.
Shunday qilib, qizlar oʻrtasidagi musobaqada finishga birinchi boʻlib qozogʻistonlik sportchi Yuliana Petrova yetib kelgan boʻlsa, uning hamyurtlari Arina Davidova, Anel Issabayeva ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni band etishdi.
— Men triatlon bilan 4-yildan buyon shugʻullanib kelaman, — deydi musobaqa gʻolibi qozogʻistonlik Yuliana Petrova. — Start oldidan ob-havo juda yaxshi boʻldi. Har bir sportchining gʻalabasini siri bu koʻp ishlash, koʻp mashgʻulotlar olib borishi deb oʻylayman. Mazkur musobaqaga meni murabbiylarim Yuriy Grigorevich, Irish Vitaliy yil davomida tayyorlab kelgan edi. Bu oʻzining samarasini koʻrsatdi. Men uchun yugurish qiyinroq boʻldi, lekin bor imkoniyatimni ishga soldim. Mening eng yaxshi natijam Gongkongda oʻtkazilgan Osiyo chempionatida boʻlgan. Buni yanada yaxshilash maqsadidaman. Gʻalaba qozonganimdan xursandman.
Oʻsmirlar oʻrtasidagi bahslar ham qiziqarli, hayajonli kurashlarga boy boʻldi. Suzish, velosiped haydash, yugurish boʻyicha mahoratli triatlonchilar finishga dadil intilishdi. Yakuniy natijalarga koʻra marrani birinchi boʻlib qozogʻistonlik Ramazon Ainegov bosib oʻtdi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarga qozogʻistonlik sportchi Olmas Savet hamda oʻzbekistonlik triatlonchi Abdulloh Muminov loyiq topildi.
Musobaqa dasturiga binoan, 18-may kuni “World Triathlon Cup Samarkand — 2024”, “World Triathlon Para Cup Samarkand — 2024” musobaqalari, 19-may kuni havaskorlar uchun “Age group” (Supersprint) va Age group” (Standart) hamda erkaklar va ayollar oʻrtasida mamlakat chempionati boʻlib oʻtadi.
Bellashuvlarda dunyoning 52 mamlakatidan 270 nafar sportchi 218 ta medallar jamlanmasi uchun bahslar olib boradi. Sportchilar umumiy uzunligi 40 kilometrni tashkil etadigan velopoyga, yugurish va suzish bahslarida gʻoliblik uchun kurashadi.
Parij Olimpiadasi reyting ballarini taqdim etadigan Samarqand musobaqalarida jahon reytingida kuchlilar qatorida qayd etib kelinayotgan Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Irlandiya, Vengriya kabi oʻnlab davlatlarning 54 nafar aʼzosi va yuz nafardan ortiq yetakchilikka daʼvogar triatlonchilarning bahslarga hozirlik koʻrayotganligi Samarqand musobaqasi dunyo nigohidagi bahs boʻlishini anglatmoqda.
Mamlakatimizda ilk bor oʻtayotgan jahon kubogida Oʻzbekiston terma jamoasining 20 nafar sportchisi qatnashayotganligi yurtimizda ushbu sport turining rivoji yangi bosqichga koʻtarilayotganligidan dalolat boʻlishi bilan birga umidli yoshlarimizga katta sport maydonida oʻz mahoratini, iqtidorini namoyish etish, kuchlilar orasida oʻz sobit oʻrniga ega boʻlishiga imkoniyat yaratishi bilan qadrlidir.
Shuningdek, musobaqa doirasida Osiyo triatlon konfederatsiyasining navbatdagi forumi, Markaziy Osiyo triatlon assotsiatsiyasining kongressi oʻtkaziladi.
Mazkur tadbirlarda qatnashish uchun bugun Samarqandga 60 ga yaqin mamlakatning sport delegatsiyalari, Xalqaro triatlon federatsiyasi mutasaddilari kelgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring