Samarqandda 2 ta yangi avtostansiya quriladi

14:25 29 Yanvar 2026 Jamiyat
324 0

Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand shahri boʻyicha ishlab chiqilgan transport va yoʻl-transport infratuzilmasini rivojlantirish Bosh rejasiga asosan 2024-2025-yillarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda viloyatda 314 ta yoʻnalishda 3241 ta transport vositasi aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Shuningdek, 27 ming 191 nafar fuqaro oʻzini oʻzi band qilgan holda yoʻnalishsiz taksi xizmati koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanmoqda. 2025-yil davomida aholining talab va takliflaridan kelib chiqib, qishloqlarni tuman markazi, tuman markazini viloyat markazi bilan bogʻlash uchun 10 ta yoʻnalish ochildi. Yil davomida 101 million yoʻlovchiga xizmat koʻrsatildi va xizmat hajmi oʻtgan yilga nisbatan 18,4 foizga oshdi. Yangi avtovokzal va avtostansiyalar qurildi.

- Shahar jamoat transportida toʻliq elektron toʻlov tizimi joriy etildi - dedi viloyat transport boshqarmasi boshligʻi Ravshan Tojiyev. - Aholiga bank kartalari, ATTO yagona transport kartasi hamda QR kodli chiptalardan yoʻlkira haqini toʻlash imkoniyati yaratildi. QR kodli chiptalarni xarid qilish uchun 100 ga yaqin bekatda hamda aholi gavjum boʻlgan 800 ga yaqin nuqtada infokiosklar oʻrnatildi. Buning natijasida elektron toʻlov ulushi 50 foizga yetdi. Brutto-shartnomasi orqali xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga 2024-yilda 13,9 milliard soʻm toʻlangan boʻlsa, 2025-yilda 62,7 milliard soʻm toʻlab berildi. Samarqand shahrining turistik salohiyatidan kelib chiqib, Samarqand shahri boʻylab xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun tarixiy maskanlarni bogʻlovchi ikki qavatli “dabl-dekker” turistik yoʻnalishdagi avtobuslar xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Bu boradagi ishlar 2026-yilda ham davom etadi. Jumladan, bu yil Payariq tumanida rekonstruksiya qilingan Imom Buxoriy majmuasi ochilishi munosabati bilan mazkur hududga tashrif buyuruvchi xorijiy hamda mahalliy ziyoratchilarga sifatli transport xizmatini tashkil etish maqsadida Samarqand shahridagi temir yoʻl vokzali, aeroport, Amir Temur maqbarasi va Imom Buxoriy majmuasi oʻrtasida uchta yangi yoʻnalish tashkil etilib, zamonaviy avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi. Samarqand shahrida elektrobuslar ulushini oshirish maqsadida yilning birinchi yarmida 50 ta, yil yakuniga qadar yana 250 ta elektrobus olib kelinishi rejalashtirilgan. Shaharda tirbandliklarning oldini olish uchun hududlardan kirib keluvchi transport vositalarini shahar tashqarisida toʻxtatish maqsadida 2 ta avtostansiya quriladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?