Samarqandda18 nafar bolaning oʻlimiga sababchi boʻlgan masʼullar ishdan olindi
Xabaringiz bor, Samarqand shahrida Dok-1 Maks dori vositasini qabul qilish natijasida bolalarda turli nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan Dok-1 Maks siropining oʻrganish natijalarini Sogʻliqni saqlash vazirligi eʼlon qildi.
Maʼlum qilinishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli buyrugʻiga asosan maxsus ishchi guruh aʼzolari tomonidan joyiga chiqqan holda xizmat tekshiruvi oʻtkazilgan.
Unga koʻra, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositaci mamlakatimizda 2012-yildan roʻyxatga olinib, shu yildan savdoga chiqarilgan. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi bergan maʼlumotga koʻra, har bir dori seriyalari tekshirilib, ularga muvofiqlik sertifikati berilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilinganligi maʼlum boʻldi.
Tekshiruv jarayonida mamlakatimizda oʻtkir respirator kasalliklarga chalingan 21 nafar bolaning 18 nafarida Dok-1 Maks siropini ichish natijasida oʻlim holati kuzatildi.
Vafot etgan bolalar statsionar davolanishga kelguniga qadar ushbu preparatni uy sharoitida boshqa dorilar bilan birga, 2-7 kun davomida, kuniga 3-4 mahal 2,5-5 millilitrgacha qabul qilgan. Tabiiyki, bu bolaga meʼyoridan ancha ortiq miqdor hisoblanadi.
Barcha bolalarga preparat shifokorlar retseptisiz berilgan. Dori vositasi tarkibidagi asosiy modda paratsetamol boʻlgani uchun Dok-1 Maks siropi ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʻgʻri qoʻllanilgan. Bu esa bemorlarning ahvoli yanada yomonlashishiga sabab boʻlgan.
Shuningdek, paratsetamol faqat tana harorati 38-38,5 darajadan yuqori boʻlgandagina kuniga 1 yoki 2-marta 1 yoshgacha bolaga 100-125 milligramm, 1 yoshdan 3 yoshgacha 200 milligramm, 3 yoshdan 5 yoshgacha bolalarga esa 250 milligramm dozada berilishi kerak. Tana harorati meʼyorida boʻlganda ushbu dori vositasini isteʼmol qilish qatʼiyan man etiladi, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi xabarida.
Bundan tashqari, olib borilgan dastlabki laborator oʻrganishlar Dok-1 Maks siropining ushbu seriyasi tarkibida etilenglikol mavjudligini ham koʻrsatdi. Ushbu modda zaharli boʻlib, taxminan 1-2 ml/kg 95 foiz konsentrlangan eritmasi bemor salomatligida jiddiy oʻzgarishlarni, yaʼni qusish, hushdan ketish, tutqanoq, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar va oʻtkir buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqaradi.
Vazirlik ishchi guruhi oʻrganish davomida aniqlangan barcha qonunbuzilish holatlari eʼtiborga olinib, xizmat vazifasiga loqayd va beeʼtibor munosabatda boʻlgani, bolalar oʻlimi tahlilini oʻz vaqtida yuritmagani va kerakli choralarni koʻrmagani uchun 7 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi va qator mutaxassislarga intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.
Toʻplangan barcha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.
Ayni paytda Dok-1 Maks tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan oʻrnatilgan tartibda qaytarib olingan. Oʻrganish materiallari asosida aniqlangan kamchiliklar, tibbiyot xodimlarining masʼuliyati masalasi Sogʻliqni saqlash vazirligining alohida Hayʼat yigʻilishida koʻrib chiqiladi.
Shu oʻrinda vazirlik ota-onalardan farzandlari salomatligiga befarq boʻlmasliklarini, dorixonalardan faqat shifokor retsepti bilangina dori vositalarini xarid qilishlarini soʻrab qoladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi boʻyicha vakili Yan Bratu bilan uchrashuv oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring