Samarqand shahrida MDHga aʼzo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi boʻlib oʻtmoqda

12:09 16 Oktyabr 2025 Jamiyat
207 0

2025-yilning 16-17-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi oʻz ishini boshladi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali maʼlum qildi.

Bu yilgi tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tashkil etilgan boʻlib, anjuman avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning majlis ishtirokchilariga tabrik soʻzi oʻqib eshittirildi.

Unda mazkur Kengashning har yilgi majlislari terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda hamkorlik qilish va tajriba almashish uchun mustahkam asos yaratilgani taʼkidlandi.

Davlat rahbari Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikka tahdid solayotgan bir qator omillarga alohida eʼtibor qaratdi. Afgʻonistondagi beqaror vaziyat, xalqaro terrorchi guruhlar faoliyati, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilik shular jumlasidan ekanligi koʻrsatib oʻtildi.

Shu bilan birga, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va sunʼiy intellektdan gʻarazli maqsadlarda foydalanishning oldini olish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.

Prezident global xavfsizlik masalasiga alohida toʻxtalar ekan, mintaqa atrofi va Yaqin Sharqda yuz berayotgan nizolar barchani chuqur tashvishga solayotgani, ular iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini taʼkidladi.

Ushbu omillar jahon bozorida nosogʻlom raqobatning kuchayishi, energiya manbalari narxining oshishiga olib kelmoqda. Shuningdek, energetika va transport sohalarida milliy va xalqaro loyihalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti shunday murakkab sharoitda MDHga aʼzo davlatlar maxsus xizmatlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiy, energetika va kommunikatsiya tizimlarini barqaror rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ularning saʼy-harakatlarini birlashtirish muhimligini alohida taʼkidladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?