Sadir Japarov Qirgʻizistonda oʻlim jazosini tiklash tashabbusi bilan chiqdi

15:19 01 Oktyabr 2025 Dunyo
329 0

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun oʻlim jazosini joriy etish taklifini ilgari surdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Askat Alagozov Facebook sahifasida maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, Sadir Japarov Prezident maʼmuriyatining huquqiy taʼminlash boʻlimi boshligʻi Murat Ukushevga qonunchilikka tegishli oʻzgarishlar tayyorlashni topshirgan. Ushbu oʻzgarishlar bolalar, qizlar va ayollarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoni maksimal darajada ogʻirlashtirishni nazarda tutadi. Jumladan, bolalarni zoʻrlash hamda ayollarni zoʻrlab oʻldirish holatlariga oʻlim jazosini joriy etish taklif qilinmoqda.

Japarovning bu qarorga kelish sababi — Issiqkoʻl viloyatidagi 17 yoshli qiz Aysuluuning shafqatsiz oʻldirilishi bilan bogʻliq. Alagozov taʼkidlashicha, mazkur jinoyat shaxsan Japarovning nazoratida turibdi.

“Bu voqea jamiyatni larzaga soldi, prezident esa uni qattiq iztirob bilan qabul qildi“, deb yozadi Askat Alagozov.

Maʼlumot uchun, Qirgʻizistonda 1998-yilda oʻlim jazosini qoʻllashga ikki yillik moratoriy joriy etilgan, keyinchalik u bir necha marta uzaytirilgan. 2007-yilda esa mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan oʻzgarishlar bilan oʻlim jazosi umuman bekor qilingan.

Jinoyat tafsilotlari

Qirgʻizistonning Issiqkoʻl viloyatida jamoatchilikni shov-shuvga solgan fojiali hodisa sodir boʻldi. Mahalliy “Turmush” nashri maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 27-sentyabr kuni Qorakoʻl shahrida yashovchi fuqaro 17 yoshli qizi bedarak yoʻqolgani haqida militsiyaga murojaat qilgan.

Tergov davomida kuzatuv kameralari orqali qiz Barskaun qishlogʻidan Qorakoʻl shahriga joʻnab ketgani va 1984-yilda tugʻilgan erkak uni mashinasida shahar tashqarisiga olib chiqqani aniqlangan.

Maʼlum boʻlishicha, erkak 17 yoshli qizni zoʻrlab, keyinchalik boʻgʻib oʻldirgan. Bedarak yoʻqolgan qiz — Oysuluv Mukashevaning jasadi 29-sentyabr kuni Jal-Ariq hududidagi dara yaqinidan topilgan.

“Turmush”

Tergovchilarning bildirishicha, gumonlanuvchi jinoyat izlarini yoʻqotish uchun mashinasini odam kam boʻlgan hududga tashlab, telefon va SIM-kartani yoʻq qilgan. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar uni tez orada Choʻy viloyatida qoʻlga olishga muvaffaq boʻlishdi.

Marhumning jasadi topilgandan soʻng, gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining “Qotillik” moddasi boʻyicha ish qoʻzgʻatilgan. Hozirda gumonlanuvchi qamoqqa olingan, ish boʻyicha tergov harakatlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер