Rossiyada migrantlarni ishdan boʻshatish asoslari kengaytiriladi

10:15 09 Fevral 2026 Dunyo
108 0

Rossiyada 1-martdan boshlab ish beruvchilar hududda xorijiy ishchi kuchini jalb etishga cheklovlar joriy etilgan taqdirda, migrantlarni qonunga muvofiq ravishda ishdan boʻshatish huquqiga ega boʻladi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Bunga qadar Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida xorijiy fuqaro bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari qatorida faqat federal darajada joriy etilgan cheklovlar nazarda tutilgan edi.

Endilikda mazkur roʻyxatga hududiy hokimiyat qarorlari ham qoʻshildi, — deyiladi xabarda.

Qonunga ilova qilingan tushuntirish xatida qayd etilishicha, 2025-yilda bunday cheklovlar Moskva viloyati, Krasnodar oʻlkasi, Novgorod va Nijegorod viloyatlarida joriy etilgan. U yerlarda hududiy meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida patent asosida ishlaydigan xorijiy fuqarolarni ayrim faoliyat sohalariga jalb etish taqiqlangan.

Shu paytga qadar ish beruvchilar ikki tomonlama xavf ostida qolgan: bir tomondan, cheklovlarga rioya etmagani uchun 1 million rublgacha jarima yoki faoliyatni toʻxtatib qoʻyish xavfi mavjud boʻlgan; ikkinchi tomondan esa xorijiy xodimni ishdan boʻshatish qarori qonunga xilof deb topilishi va barcha huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin edi. Yangi qonun mazkur boʻshliqni bartaraf etadi, — deya taʼkidladi TASS.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?