“Roma”da kichik inqiroz, Eldor Shomurodov Italiyaga qaytishi mumkin
Kuni kecha Turkiya Superligasining 18-turi doirasida “Bashakshehir” klubi oʻz maydonida “Fotih Karagyumryuk” jamoasini qabul qildi. Uchrashuvning 15-daqiqasida Eldor Shomurodov oʻyinda hisobni ochdi. Bu Eldorning joriy mavsum Turkiya chempionatida kiritgan 13-goli boʻldi.
Taʼkidlash kerakki, bu mavsum Eldorning faoliyatidagi eng sermahsul mavsum boʻlmoqda. Eldor shu vaqtga qadar hech bir mavsumda 13 ta gol kiritmagan edi. Na Oʻzbekistonda, na Yevropada.
Bu vaqtgacha Eldor uchun sermahsul oʻtgan mavsum Rossiya Premyer ligasining 2019–2020-yilgi mavsumi edi. Oʻshanda Shoma “Rostov” klubi safida 28 ta oʻyinda maydonga tushib, 11 ta gol kiritishni uddalagandi. Yaxshi bilasiz, shundan soʻng uni “Jenoa” sotib olgan.
Uning Oʻzbekistonda oʻtkazgan eng yaxshi mavsumi esa 2015-yilga toʻgʻri keladi. Oʻshanda Eldor “Bunyodkor” klubi safida 27 ta oʻyinda maydonga tushib, 10 ta gol kiritgan. Shuningdek, Osiyo chempionlar ligasi saralashida “Al-Shabab” jamoasi darvozasiga 2 ta toʻp kiritib, “Bunyodkor”ni guruh bosqichiga olib chiqqan.
U uchun muvaffaqiyatli oʻtgan deb aytayotgan har ikki mavsumimizda Eldorga 10 ta gol urish uchun 25 tadan koʻproq oʻyin kerak boʻlgan edi. Bu yil esa Shomurodov 13 ta golni 18 ta oʻyinda kiritishni uddaladi. U toʻp kiritgan klublar ichida “Trabzonspor”, “Beshiktosh”, “Galatasaroy” kabi Turkiyaning nomdor klublari borligi Eldorning gollari qiymatini yanada oshirdi.
Oʻz navbatida Eldorning bunday barqaror oʻyini Turkiyada ham koʻplab ijobiy fikrlarga sabab boʻlmoqda.
18-yanvar kuni chiqqan “Istanbul” gazetasida Eldor Shomurodov haqida koʻplab yaxshi fikrlar bildirib oʻtildi. Boshqa nashrlarda esa uning faoliyati haqida tahliliy maqolalar yozildi.
Turkiyalik insayderlar uning xizmatlariga “Trabzonspor”, “Beshiktosh” va “Fenerbaxche” kabi jamoalar qiziqib qolgani haqida ham yozishdi.
Turkiyalik sobiq hakam va futbol eksperti Ahmed Chakar “Neo Sport”dagi podkastda “Fenerbaxche” klubi rahbariyatidan Eldor Shomurodovni sotib olishni soʻradi. Keyinchalik, boshqa mutaxassislar ham turli suhbatlarda, faol muxlislar esa X sahifalarida shunga oʻxshash fikrlarni bildirib oʻtdilar.
Eldor Shomurodovning barqaror oʻyiniga parallel ravishda “Roma” jamoasining markaziy hujum chizigʻida muammolar yuzaga kelmoqda. Jamoaning asosiy hujumchisi Artyom Dovbik jarohati tufayli koʻp oʻyinlarda jamoasiga yordam bera olmayapti. Mavsum boshida “Brayton” klubidan ijaraga olingan Evan Fergyuson esa sermahsullik boʻyicha yaxshi koʻrsatkich qayd eta olmadi.
Natijada “Roma” jamoasi yanvar oyidagi transferlar oynasining oʻzida 2 ta markaziy hujumchi olishga majbur boʻldi. “Aston Villa” klubidan Doniyel Malen mavsum yakuniga qadar ijaraga olingan boʻlsa, “Marsel” klubidan 19 yoshli hujumchi Robinio Vaz 22 million yevro evaziga sotib olindi.
“Roma”ning koʻplab muxlislari yanvar oyida Eldor Shomurodovni ortga qaytarishni klubdan soʻrashdi. Ammo, Eldorning ijara shartnomasi Rim klubiga moliyaviy foyda olib kelgani va bunday sharoitda klub Istanbul klubidan futbolchini qaytarib ololmasligi sabab boshqacharoq yoʻl tutishga majbur boʻldi.
2026-yilning yozida “Roma” klubini Fergyuson va Malen bilan ijara shartnomasi yakunlanadi. Robinio Vazni esa jamoaga kirishib keta olishi soʻroq ostida turibdi. Shu sababli Jahon chempionatidan soʻng, Eldorni A seriyaga qaytish ehtimoli yuqori. Ayniqsa, bu yil koʻrsatayotgan ijobiy oʻyinidan soʻng.
Oʻzi Shomurodov faqat va faqat Jahon chempionati oldidan muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlish uchungina Turkiya chempionatiga koʻchib oʻtgandi. Katta ehtimol bilan Jahon chempionatidan soʻng uni yana Yevropa TOP-5 chempionatlarida koʻramiz.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring