Reklamada manfaat ustun. Qonun talablari va maʼnaviyat-chi?

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Bozor yoki supermarketdan biror mahsulot xarid qilar ekanman, asosan uning sifatiga eʼtibor qarataman, brend nomi, mashhurligi, reklama roliklarida tinmay aylanishi va shu kabi jihatlari men uchun umuman ahamiyatsiz, deb oʻylardim. Biroq yanglishar ekanman. Yaqinda oʻzim sezmagan holda faqat reklama qilinayotgan mahsulotlarni sotib olib ishlatishimni payqab qoldim.
Misol uchun, oʻzim bir necha yildan buyon foydalanadigan tish yuvish pastasining reklamasini har kuni koʻrar ekanman. Televizorda “eng zoʻr” yaxna ichimlik deya maqtaladigan ichimlik men uchun ham “eng zoʻr”iga aylanib qolibdi. Doʻkonga kirib peshtaxtadagi 10-15 nomdagi meva sharbatlarini koʻrib chiqishim mumkin, biroq oxirida tanlaganim baribir reklamadagisi boʻladi. Qaysidir doʻkon yoki supermarket oʻz mahsulotlariga 15 yoki 20 foizlik chegirma eʼlon qilganini eshitsak, oilaviy, qoʻshnilar yoki hamkasblar bilan u yerga borib, mahsulot xarid qilishni odat qilibmiz. Garchi oʻsha mahsulotlarga u qadar ehtiyojimiz boʻlmasa ham. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda reklamasi ommalashgan qoʻshni viloyatdagi choyxonalarga borib, oshxoʻrlik qilib kelgan vaqtlarimiz ham koʻp ekan.
Bildimki, kishi reklamaga ishonmasligi mumkin, biroq uning taʼsiridan butkul xalos boʻlolmaydi. Bir mahsulotni qayta-qayta koʻraverganingizdan soʻng, u haqdagi axborot xotirangizda mustahkam oʻrnashib qoladi. Natijada doʻkonga kirgach, eʼtiboringiz birinchi boʻlib “koʻz tanish” mahsulotga tashlanadi. Boshqa shu turdagi mahsulotlar haqida esa hech narsa bilmaysiz. Shu bois aksariyat hollarda oʻzingiz yaxshi bilgan, u haqda yetarli maʼlumotga ega boʻlgan narsa yoki buyumni xarid qilishni maʼqul topasiz. Mazkur jarayonda reklamaning kuchi katta rol oʻynaydi. Unda berilgan maʼlumotlarning qanchalik toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi esa boshqa masala. Hozir bu haqda toʻxtalmoqchi emasman. Qalamga olmoqchi boʻlgan mavzum umuman boshqa.
Demoqchi boʻlganimki, reklama bevosita inson ongiga taʼsir etish qudratiga ega ekan, u nafaqat tijoriy, shu bilan birgalikda bir qancha ijtimoiy, maʼnaviy, tarbiyaviy talablarga ham mos boʻlmogʻi lozim. Oʻz davrida mashhur rus adabiyotshunosi Vissarion Belinskiy reklama haqida “Millatning orzu va maqsadi toʻgʻrisida uning reklamasiga qarab fikr yuritsa boʻladi”, deb yozgan edi. U bu bilan reklama faqat tijoriy vosita emasligi, xalqning maʼnaviy, madaniy qarashlarini, maqsad va muddaolarini ham aks ettirishiga ishora qilgan.
Demakki, biz bugun turli ommaviy axborot vositalari orqali har kuni, har lahza koʻradigan, oʻqiydigan, eshitadigan reklamalar ham milliy madaniyatimizga mos boʻlishi kerak, aslida. Biroq baʼzi telekanallarda aylantirilayotgan, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilayotgan ayrim reklamalar borki, xalqimizning maʼnaviy boyligi boʻlgan odob-axloq, ibo, or-nomus, iroda, sharm-hayo, iffat-andisha, gʻurur kabi fazilatlarimizni nursizlantirishga undayotgandek tasavvur uygʻotadi. Ular na milliy qadriyatlarimiz, maʼnaviyatimiz, na mamlakatimiz qonunchiligiga toʻgʻri keladi.
Misol uchun, soʻnggi vaqtlarda telekanallarimizda dori vositalarining reklamasi haddan ortiq koʻpayib ketgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 34-moddasiga asosan, dori vositalarining reklamasida taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorlarning tashqi koʻrinishiga oʻxshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.
Bundan tashqari, dori vositalari reklamasida olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining taʼsiri haqidagi hikoyalaridan iborat boʻlgan tavsiyalardan foydalanish mumkin emas.
Endi oʻylab koʻring, telekanallarimizda namoyish etilayotgan koʻpdan-koʻp dori vositalari reklamalarining qaysi birida yuqoridagi talablarga amal qilinmoqda?! Afsuski, ularning aksariyatida mashhur insonlar namoyon boʻladi. Reklama qahramonlari ushbu dori vositasidan foydalanib, bir zumda ogʻriqlardan xalos boʻlgani haqidagi hikoyalarini bot-bot takrorlashaveradi.
Shuningdek, qonunga koʻra, dori vositalari reklamasida quyidagilar boʻlishi shart: dori vositasining toʻliq nomi (shu jumladan xalqaro farmakologik nomi) va ishlab chiqaruvchisining nomi; dori vositasidan foydalanish yoki uni qoʻllash haqidagi axborot.
Ammo biz har kuni reklama qilinayotgan dorilarning faqat shifosi bilan shirinligi-yu, bosh ogʻrigʻi, bel ogʻrigʻi, tish ogʻrigʻi, qoʻyingki, barcha ogʻriqlardan bir zumda xalos etishi va boshqa-boshqa ijobiy tomonlari haqida bilamiz. Uning zararli oqibatlari boʻlishi mumkinligi haqida esa koʻpam oʻylab oʻtirmaymiz. Bunga sabab reklamada bizga ushbu dorining faqat yaxshi tomonlarini chiroyli qilib koʻrsatishadi.
Oʻsha dorining salbiy asoratlari ham boʻlishi mumkinligi yoki faqat shifokor nazorati ostida qabul qilish lozimligi haqida esa nari borsa ekran pastiga koʻrinar-koʻrinmas qilib yozib qoʻyishadi.
Shunday boʻlgach, tibbiyotdan xabari yoʻq ota-ona farzandining ishtahasi yoʻqolsa, “bu jigardan boʻlayapti”, deb oʻylashi va reklamada ishtaha yoʻqolishini xuddi shunday talqin etadigan dorini ichirmasligiga kim kafolat beradi?!
Milliy telekanallarimiz orqali aylantirilayotgan yana ayrim reklamalar borki, hukumatimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga, saʼy-harakatlarga sira mos kelmaydi.
— Misol uchun, aksariyat maishiy texnika, mebel jihozlarining reklamasida asosiy urgʻu toʻylar, dabdababozlikni targʻib qilishga qaratilgan, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi bosh mutaxassisi Latif Qambarov. — Birida er-xotin turmushga chiqayotgan qiziga qaysi konditsionerdan olish kerakligi haqida bahslashsa, boshqasida qudaning tugʻilgan kuniga zamonaviy kir yuvish mashinasini sovgʻa qilish kerakligi uqtiriladi. Hatto kelin tomon vakillari boʻlgʻusi kuyovning oʻn xonali uyiga beshta konditsioner nima boʻladi, deya bahslashishgan reklamalarni ham koʻrdik. Demoqchi boʻlganimki, toʻylarimizdagi dabdababozliklarning haddan oshib ketishi, quda tomonlar oʻrtasida sovgʻa-salomlar ulashishning avj olishi, hatto hukumat darajasida eʼtibor qaratiladigan holatga kelib qolishida mana shu kabi reklamalarning ham “xizmati” bisyor.
Biz mavzuni oʻrganish jarayonida tashqi targʻibot vositalari, internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarni ham tahlil etishga urindik. Afsuski, bu sohada na qonunchilikka, na maʼnaviyatga, na milliy qadriyatlarimizga amal qilinar ekan?.. Buni nazorat qiladigan tashkilotlarning oʻrni esa hozircha sezilayotgani yoʻq.
Toʻgʻri, mahsulot ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar, korxonalar oʻz mahsuloti haqidagi axborotni keng isteʼmolchilar ommasiga taʼsirchan, eʼtiborni tortadigan tarzda yetkazishni xohlaydi. Bu ishni esa reklama vositasida tez va samarali amalga oshirish mumkin. Lekin reklamada kimningdir manfaati asosiy oʻringa chiqib, maʼnaviyatimiz, madaniyatimizga darz ketmasligi kerak. Reklama beruvchilar, tayyorlovchilar va uni eʼlon qiluvchilar ana shu jihatga eʼtibor qaratishsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlardi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring