Reyd: yukxonada hujjatlarda koʻrsatilgan tovarlar umuman yoʻqligi fosh boʻldi

Bojxona tizimini korrupsiyada holi sohaga aylantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning asosida eng avvalo ushbu illatga qarshi murosasiz muhitni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bojxona organlarida ushbu illatga moyilligi bor xodimlarni aniqlash va ularni safdan tozalash borasida Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan koʻrilayotgan choralar ahyon-ahyonda emas, aksincha muntazamlik kasb etib bormoqda.
Yaqinda Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara-bojxona postida fosh qilingan navbatdagi holat ham yuqoridagi fikrimiz tasdigʻidir.
Voqea bayonini biroz oldindan boshlaymiz. 2021-yil sentyabr oyida Qoʻqon shahridagi 3 ta MCHJ nomiga xorijdan 23 tonna 540 kg. ogʻirlikdagi 3 turdagi toʻqimachilik mahsulotlari olib kelingan.
Mazkur tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyalari “Qoʻqon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga taqdim qilingan boʻlib, tovarlar “Bojxona ombori” bojxona rejimiga rasmiylashtiriladi hamda vaqtincha saqlash uchun “Qoʻqonsavdo” MCHJga qarashli bojxona omboriga topshiriladi.
2022-yil 13-oktyabr kuni yuk egalari yuqoridagi tovarlarni “Reeksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirib, Tojikiston Respublikasiga olib chiqib ketish uchun bojxona yuk deklaratsiyalarini taqdim etishadi va shu kunning oʻzida Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasining “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postida rasmiylashtiruv yakuniga yetkaziladi.
Hujjatlarga binoan ushbu tovarlar ortilgan yuk avtotransport vositasi 2022-yil 15-oktyabr kuni Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasining “Andarxon” chegara bojxona posti orqali qoʻshni davlatga chiqib ketayotganida Davlat bojxona qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining viloyatdagi tezkor xodimlari tomonidan toʻxtatib qolindi.
Boisi, ushbu tovarlar bilan bogʻliq vaziyat Davlat bojxona qoʻmitasi rahbariyati tomonidan oldindan tezkor kuzatuvga olingan edi va aynan qoʻmita rahbariyatining topshirigʻiga muvofiq tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tezkor tadbir davomida yuk avtotransport vositasi haydovchi va xolislar ishtirokida qayta bojxona nazoratidan oʻtkazilganda, yukxonada hujjatlarda koʻrsatilgan tovarlar umuman yoʻqligi fosh boʻldi.
Hozirda “reeksport” bojxona rejimiga rasmiylashtirilib, amalda chegara bojxona posti orqali olib chiqib ketilmagan umumiy qiymati 2 mlrd. 188 mln. soʻmlik tovar moddiy boyliklar vaqtincha saqlovga olinib, belgilangan tartibda protsessual hujjatlar rasmiylashtirildi.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda bojxona xodimlarining mazkur holatga aloqadorligini aniqlash va ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring