“Real Madrid” pley-offda oʻynaydi, “Napoli” guruhda qolib ketdi
Kecha, 28-yanvar kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasida guruh bosqichining soʻnggi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Kun doirasida 18 ta oʻyin tashkil etildi va barcha bahslar bir vaqtning oʻzida start oldi. Bu orqali UEFA jamoalarning bir-birining natijasidan boxabar holda oʻynashining oldini oldi.
Turdagi eng katta sensatsiya “Real Madrid” klubining magʻlubiyati boʻldi. “Qirollik klubi” ushbu turda Portugaliyaning “Benfika” jamoasi bilan safarda kuch sinashdi. Ushbu oʻyindagi gʻalaba “Benfika” uchun ham suv va havodek zarur edi. Bundan tashqari, Joze Mourinyu jamoasiga ikki toʻp farqi bilan gʻalaba qozonish talab etilardi. Amalda ham shunday boʻldi.
Uchrashuv 4:2 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Oʻyinda hisob 30-daqiqada Kilian Mbappe tomonidan ochildi. Oradan 6 daqiqa oʻtib, Andreas Shelderup hisobni tenglashtirdi. Taym soʻngida Vangelis Pavlidis “Benfika”ni oldinga olib chiqdi.
54-daqiqada Andreas Shelderup dublga erishdi. Oradan 4 daqiqa oʻtib, Kilian Mbappe hisobni 3:2 koʻrinishiga keltirdi.
Uchrashuvga hakam tomonidan qoʻshib berilgan daqiqalar tom maʼnoda “yondi”. Dastlab “Real Madrid” futbolchilari — Raul Asensio qoʻpol harakati uchun, Rodrigo esa hakamga eʼtiroz bildirgani sababli maydondan chetlatildi.
Maydon egalari 90+7-daqiqada jarima toʻpi tepish huquqiga ega boʻlishdi. Jarimadan uzatilgan toʻpni esa hujumga qoʻshilgan jamoaning ukrainalik darvozaboni Anatoliy Trubin “Real Madrid” darvozasiga joylab qoʻydi va jamoasiga kerakli hisobdagi gʻalabani olib keldi.
Shu tariqa, ushbu natijadan soʻng “Real Madrid” klubi musobaqaning pley-off bosqichida ishtirok etadigan boʻldi. “Benfika” esa aynan ushbu gʻalaba orqali pley-off bosqichiga 24-oʻrin bilan yoʻl oldi.
Ushbu tur doirasida turkiy mamlakatlardan boʻlgan 3 ta klub Angliya jamoalari mehmoni boʻlishdi. Ushbu oʻyinlarning barchasi “inglizlar”ning gʻalabasi bilan yakunlandi.
“Manchester Siti” jamoasi Turkiyaning “Galatasaroy” klubini Rayan Sherki va Erling Holand tomonidan kiritilgan gollar evaziga magʻlub etdi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va toʻliq oʻyin oʻtkazdi. Husanovning harakatlari “SofaScore” tahliliy portali tomonidan 6,8 ballga baholandi.
“Liverpul” klubi ushbu turda Ozarbayjonning “Qorabogʻ” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv 6:0 hisobida Arne Slot boshchiligidagi jamoaning ishonchli gʻalabasi bilan yakunlandi. Gollarga Aleksis Mak Allister (2 ta), Federiko Kyeza, Yugo Ekitike, Florian Virs va Muhammad Saloh mualliflik qildi.
Qozogʻistonning “Qayrat” klubi soʻnggi turda “Arsenal” jamoasi mehmoni boʻldi. Bahs musobaqa turnir jadvali yetakchisining 3:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Gollarga gʻoliblar safida Gabriel Martinelli, Kay Havers va Viktor Dyokeresh mualliflik qildi. “Qayrat”ning javob gollari esa Rikardinyo va Jorjinyo Monteyro hisobiga yozildi.
Turda eng katta ahamiyatga ega boʻlgan bahslardan biri Italiyada tashkil etildi. Ushbu oʻyinda “Napoli” jamoasi oʻz maydonida “Chelsi” klubini qabul qildi.
Bu oʻyinda har ikki jamoa uchun ham gʻalaba suv va havodek zarur edi. “Chelsi”ga toʻgʻridan-toʻgʻri nimchorak finalga chiqish, “Napoli”ga esa pley-off yoʻllanmasini qoʻlga kiritish uchun. Amalda esa gʻalabani London klubi qoʻlga kiritdi. Bahs 3:2 hisobida “Chelsi”ning foydasiga hal boʻldi.
Gollarga mehmonlar safida Joau Pedru (2 ta) va Enso Fernandes mualliflik qildi. “Napoli”ning javob gollari esa Antonio Vergara va Rasmus Xyoylunn hisobiga yozildi.
Musobaqaning amaldagi chempioni PSJ jamoasi ham turnirdagi ishtirokini pley-off bosqichi orqali davom ettiradigan boʻldi. Jamoa soʻnggi turni oʻz maydonida “Nyukasl” klubiga qarshi oʻtkazdi. Ushbu oʻyindagi gʻalaba har ikki jamoaga ham nimchorak final masalasini hal etish imkonini berishi mumkin edi. Ammo bahs 1:1 hisobida yakunlandi va har ikki jamoa pley-off bosqichiga yoʻl oldi.
8-turdagi barcha natijalar bilan quyidagi rasm orqali tanishishingiz mumkin.
Yakunda, “Arsenal”, “Bavariya”, “Liverpul”, “Tottenhem”, “Barselona”, “Chelsi”, “Sporting” va “Manchester Siti” klublari toʻgʻridan-toʻgʻri musobaqaning nim chorak final bosqichiga yoʻl oldilar.
“Real Madrid”, “Inter”, “Atletiko Madrid”, PSJ kabi klublar esa turnirdagi ishtirokini pley-off bosqichi orqali davom ettirishadi.
“Napoli”, “Marsel”, “Ayntraxt”, “Villarreal” kabi jamoalar uchun esa Yevropa chempionlar ligasida mavsum yakunlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
- “Humans” Oʻzbekistondan yuzlab million dollar zararni qoplashni talab qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring