Rasmiylar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Davlat test markazi haqidagi xabarlarni tasdiqladi

10:24 26 Dekabr 2022 Jamiyat
1227 0

Foto: Illustrativ surat

Ijtimoiy tarmoqlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi negizida Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etilishi  haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu haqda rasmiy maʼlumotlarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati  taqdim etdi.

Davlat test markazi matbuot xizmati ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni tasdiqladi.

—  Chindan ham Prezident Farmoni bilan Davlat test markazi faoliyati tugatildi. Uning oʻrniga 2023-yil 1-yanvardan “Bilim va malakalarni baholash” agentligi oʻz ishini boshlaydi. Ushbu agentlik Oliy va Oʻrta maxsus taʼlim vazirligi negizida Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vazirligiga qarashli tashkilotga aylanadi. 

 Hozirda “Bilim va malakalarni baholash” agentligining ishlash mexanizmini Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilari koʻrib chiqmoqda. Bu haqida bizda boshqa maʼlumotlar yoʻq, — dedi DTM matbuot xizmati rahbari Orziqul Boboyev.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarkibiga oʻtkazilishi haqidagi rasmiy maʼlumotlarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati taqdim etdi.

Maʼlum qilinishicha, Prezidentning 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi negizida 2023-yil 1-yanvardan boshlab Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etiladi.

Unga koʻra, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarkibiga oʻtkazildi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi va Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tugatilib, vazifa va funksiyalari tegishincha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi orasida taqsimlanadi.

— Bu haqida bizda ham qoʻshimcha maʼlumotlar mavjud emas. Keyingi yangiliklar yangi yildan keyin maʼlum boʻladi, — dedi Oliy taʼlim vazirligi matbuot xizmati xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?