Raqobat qoʻmitasi yangi uy sotib olmoqchi boʻlgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Raqobat qoʻmitasiga koʻp qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari boʻyicha mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularda asosan qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnoma shartlarining buzilishi — yangi uy-joylarni oʻz vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va eʼlonlarda koʻrsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon qilingan.
Mazkur murojaatlarni oʻrganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlangan. Xususan, shartnoma shartlarida “agar isteʼmolchi oʻz tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti isteʼmolchi tomonidan toʻlangan mablagʻning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega” deb belgilangan holatlar ham kuzatilmoqda.
Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanib, Fuqarolik kodeksining 385-moddasida shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangan.
14-moddada “zarar” tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida koʻrsatilgan boʻlib, amalda isteʼmolchi shartnomani bekor qilganda qurilish tashkilotiga zarar yetmaydi. Chunki koʻp qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obyektlarni osonlikcha boshqa xaridorga sotishi mumkin. Bundan tashqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani qurilish tashkilotlari koʻp hollarda foyda koʻrishini taʼminlaydi.
Fuqarolik kodeksining 260-moddasida ham neustoyka (jarima, penya) qarzdor oʻz majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollardagina qoʻllanishi mumkinligi belgilangan. Aksariyat hollarda esa isteʼmolchi oʻz toʻlov majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarib boʻladi, qurilish tashkiloti esa uyni topshirmagunga qadar qarzdor maqomida qoladi. Shu bois, isteʼmolchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi.
Ushbu holat “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasiga koʻra, isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi va qonunga zid boʻlgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi, 23-moddasida esa isteʼmolchining ustuvor huquqi kafolatlangan.
Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 9-moddasida tadbirkorlik subyektlari raqobat va isteʼmolchilar huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi belgilab oʻtilgan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqishingiz tavsiya etiladi. Agar huquqiy bilimingiz yetarli boʻlmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali shartnoma mazmunini toʻliq oʻrganib chiqishingiz lozim.
Bundan tashqari, agar tuzilgan shartnomada qonunchilik normalariga zid boʻlgan talablar yoki isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlansa, ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda sud organlariga yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilishingiz mumkin.
Maʼlumot uchun, Raqobat qoʻmitasi tomonidan olib borilgan ishlar natijasida, 8 nafar isteʼmolchining qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilinib, asossiz ravishda jarima qoʻllanishining oldi olingan hamda fuqarolarga 1,5 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ qaytarilishi taʼminlangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring