Raqobat qoʻmitasi yana bir bankni jarimaga tortdi
Raqobat qoʻmitasi AVO Bank AJni jarimaga tortdi. Bu haqda qoʻmita matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qoʻmitaga AVO Bank AJ koʻrsatayotgan xizmatlari haqida notoʻgʻri reklama tarqatayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda bank saytining “AVO bonuslari” sahifasidagi reklama axborotlarida “250 000 soʻm har bir yangi mijozga”, “+250 000 soʻm sizga va Avoning har bir yangi mijoziga”, “Hisobingizga 250 000 soʻm olish” va “Kartaga 250 000 soʻm olish” kabi maʼlumotlar koʻrsatilgani aytilgan.
Murojaatda bank tomonidan har bir yangi mijozga 250 000 soʻm pul berilmasligi, mazkur pul koʻrinishidagi bonuslarni olish uchun bank mijozi maʼlum bir harakatlarni amalga oshirishi lozimligi, shunda ham mijozga 250 000 soʻm pul mablagʻi naqd pul koʻrinishida taqdim etilmasdan, bankning mobil ilovasi orqali bonus ballari koʻrinishida taqdim etilishi maʼlum qilingan.
Holat yuzasidan olib borilgan oʻrganish natijasida AVO Bank AJning saytida “AVO Oʻzbekistondagi eng qulay mobil bank” mazmunidagi reklama joylashtirilgani aniqlangan.
Shuningdek, bank tomonidan har bir yangi mijoz uchun 1 bonus bali 1 soʻmga teng boʻlgan bonus ballari taqdim etilishi, mijozning oʻz xohishiga koʻra ushbu bonuslarni pul mablagʻlariga almashtirishi yoki bankning koʻrsatgan xizmatlari uchun toʻlov sifatida ishlatishi mumkinligi belgilangani, shu sababdan reklama axborotlarida “Har bir yangi mijoz uchun 250 000 soʻm oling”, “Har bir taklif qilingan shaxs uchun 50 000 soʻm”, “Hisob raqamiga 250 000 soʻm oling” mazmunidagi iboralardan foydalanilgani, biroq AVO Bank AJning ushbu pul mablagʻlarini mijozlarning hisobraqamlariga toʻgʻridan toʻgʻri oʻtkazib berish imkoni mavjud emasligi aniqlandi, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, AVO Bank AJ tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari va tashqi reklama vositalarida tarqatilgan reklama axborotlari qoʻshimcha ravishda oʻrganilganda bir qator kamchiliklar aniqlandi.
Jumladan, turli manbalar orqali eʼlon qilingan reklama axborotlarida AVO Bank AJning “AVO Platinum” kredit kartasi haqida joylashtirilgan maʼlumotlarida “AVO platinum kredit kartasi — har qanday xarid uchun 0% stavka” hamda “AVO platinum kredit kartasi — 2 millionga xarid qilib, 2 million qaytarish” degan mazmundagi iboralardan foydalanilgani kuzatildi.
Vaholanki, AVO Bank AJning “AVO Platinum” kredit kartasi mablagʻlaridan foydalanish shartlariga koʻra, mijozlarning ushbu kredit kartalari orqali amalga oshirgan xarid summalari uchun 45 kun davomida foizlar hisoblanmasligi, xarid amalga oshirilgan sanadan 45 kun oʻtgach, ushbu pul mablagʻlari uchun belgilangan tartibda kredit foizlari hisoblanishi maʼlum boʻldi, deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.
Ushbu holatlar inobatga olinib, AVO Bank AJga nisbatan reklama va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilgani natijasida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring