Raqamli uygʻonishdan raqamli yuksalish sari

18:17 17 Noyabr 2025 Jamiyat
308 0

“Millatni uygʻotish — uygʻonganlarning vazifasi”, degan edi Abdulhamid Choʻlpon. Bugun bu soʻzlar yangicha maʼno-mazmun kasb etib, raqamli davrdagi modernizatsiyalashni ham ifodalay boshladi, desak, mubolagʻa emas. Zotan, yurtimizda kechayotgan raqamli oʻzgarishlar, davlat boshqaruvi, taʼlim, iqtisodiyot, sogʻliqni saqlash va madaniyat sohalarida sunʼiy intellekt (SI) yechimlarining joriy etilishi — ushbu jarayonning amaliy natijasidir.

Davlatimiz rahbarining sunʼiy intellekt bilan bogʻliq huquqiy munosabatlarni tartibga solish, xorijning sohaga oid innovatorlari bilan faol hamkorlikka kirishish kabi tashabbuslari mohiyatini anglash uchun jahon tajribasiga bir qur nazar tashlash kifoya. Jumladan, Xitoy 2017-yilda Si Szinpin rahbarligida qabul qilgan “Artificial Intelligence Development Plan” orqali SIni milliy va geosiyosiy raqobatning asosiy vositasiga aylantirdi. AQSH 2022-yilda Jo Bayden maʼmuriyati tomonidan “AI Bill of Rights”ni ilgari surib, sunʼiy intellektni demokratiya va inson huquqlari muhofazasining yangi mexanizmi sifatida talqin etdi. BAA esa dunyoda birinchi boʻlib 2017-yilda SI vazirligini tuzib, uni milliy innovatsion diplomatiyaning asosiy yoʻnalishiga aylantirdi. Shu orqali dunyo davlatlari sunʼiy intellektni faqat texnologik rivojlanish emas, balki siyosiy taʼsir va suverenitetni mustahkamlash vositasi sifatida koʻra boshladi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari Oʻzbekistonni SI texnologiyalari “isteʼmolchi”si emas, balki ularni yaratib, eksport qiladigan siyosiy va intellektual markazga aylantirish strategiyasini tanlagani mamlakatimizda yuqori texnologiyalar sohasi yangi uygʻonish davrini boshlab berdi.

Prezidentimiz shu yilning 21-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishida “Insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga — sunʼiy intellekt davriga dadil qadam qoʻymoqda. Qaysi soha boʻlmasin, kim bu jarayonda izlansa, marra shuniki boʻladi”, deya alohida taʼkidladi. Soʻnggi uch yilda davlat rahbari sunʼiy intellektni yangi taraqqiyot mafkurasi darajasiga koʻtargani zamirida ham zamon bilan hamqadam boʻlish, ilgʻorlar safida turishdek maqsad-muddao mujassam. Buning samarasi oʻlaroq, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda “Sunʼiy intellektga tayyorlik” xalqaro indeksida 17 pogʻona koʻtarilib, ushbu yuqori texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha Markaziy Osiyoda birinchi oʻringa chiqib oldi.

Millat tafakkurining yangi shakli

Davlatimiz rahbarining olib borgan tizimli islohotlari negizida inson tafakkurida yangiliklarga ochiqlik va uygʻonishni hosil qilmasdan raqamli taraqqiyot haqida soʻz yuritib boʻlmaydi, degan hayot haqiqati mujassam ekanini anglash oʻta muhim. Negaki, u sunʼiy intellektni faqat texnologik vosita emas, balki millat tafakkurini yangilashning siyosiy kaliti sifatida ilgari surmoqda.

Prezidentimizning 2022-yili xalqaro investitsiya forumidagi chiqishi, taʼbir joiz boʻlsa, ana shu gʻoyaning amaliy ibtidosi boʻldi. U sunʼiy intellektni milliy ilmiy meros bilan bogʻlab, Al-Xorazmiy, Ibn Sino va Mirzo Ulugʻbek singari allomalarimiz tajribasini eslatdi. Bu nafaqat ramziy ishora, balki davlat siyosatining yangi yoʻnalishi — ilm, tafakkur va raqamli taraqqiyot birligi edi. Davlatimiz rahbarining “algoritm” atamasi bizning zaminda tugʻilganini eslatish orqali aytmoqchi boʻlgan asosiy fikri shunda ediki, sunʼiy intellekt bizning tarixiy ildizlarimiz bilan bogʻlansagina milliy xususiyat kasb etadi. Oradan koʻp oʻtmay, Yurtboshimiz Ostona sammitida “bilimlar iqtisodiyoti” va “innovatsiyalar transferi”ni barqaror taraqqiyotning poydevori sifatida koʻrsatdi.

Bu qarash 2023-yilda amaliy shaklni oldi. BAA, Saudiya Arabistoni va Singapur bilan hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi natijasida Oʻzbekiston “raqamli diplomatiya” tamoyilini qoʻlladi. Prezidentimizning 2023-yil 4-apreldagi BAA delegatsiyasi bilan uchrashuvidan anglashilgan “innovatsiya — bu yangi siyosiy imkoniyat” degan gʻoya SI siyosatini davlat mustaqilligini taʼminlovchi omil sifatida koʻrsatdi. Shu orqali Oʻzbekiston global innovatsion tarmoqlar bilan bogʻlanib, oʻz intellektual hududini kengaytirishga kirishdi.

Shu tariqa, 2022-2023-yillardagi tashabbuslar Oʻzbekiston siyosatida yangi modelni yaratdi: madaniyat + innovatsiya + siyosat = intellektual davlat. Sunʼiy intellekt endilikda milliy oʻzlikni global jarayonga integratsiyalovchi vosita sifatida jamiyat hayotiga tatbiq etildi. Bu gʻoya keyinchalik 2024-yilda qabul qilingan Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi uchun gʻoyaviy asos boʻldi. Sodda qilib aytganda, yurtimizda sunʼiy intellekt avval falsafa, soʻng strategiya, keyin siyosat darajasiga koʻtarildi.

Bugun mamlakatimizda sunʼiy intellekt davlat ideologiyasining uzviy qismi, yangi tafakkur shakli sifatida ilgari surilyapti. Bu orqali siyosatda “raqamli modernizatsiya” maʼnaviy islohot bilan uygʻunlashdi. Natijada Oʻzbekistonda innovatsiya, madaniyat va siyosiy boshqaruv oʻrtasida uzviy bogʻliqlik yuzaga keldi. Bu esa iqtisodiy yoki ilmiy yutuqqina emas, dunyoda milliy rivojlanishning yangi siyosiy modelini yaratishga qaratilgan mafkuraviy qadam sifatida muhim ahamiyatga ega.

Siyosiy ishonch va huquqiy asos

2024-yil Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt siyosatining gʻoyaviy ildizdan iqtisodiy mexanizmga oʻtgan, mafkuraviy gʻoya amaliy natija bera boshlagan davr boʻldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sunʼiy ongni kelajak haqidagi gʻoyalardan amaliy iqtisodiy rivojlanish strategiyasi darajasiga koʻtardi. Bu soha yangi ishlab chiqarish sikllari va innovatsion bozorlar uchun harakatlantiruvchi kuch sifatida belgilandi. Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezidentimiz “DataVolt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosidagi Maʼlumotlar markazi qurilishi boshlanganini eʼlon qilar ekan, bu tashabbus orqali IT xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, 100 ming yangi ish oʻrni yaratish va sunʼiy intellektni ishlab chiqarish zanjiriga chuqur integratsiya qilish maqsadi belgilab berildi.

Bu qaror jahon amaliyoti bilan uygʻun boʻlib, koʻplab davlatlar SIni ishlab chiqarish zanjiriga joriy etish orqali iqtisodiy ustunlikka erishmoqda. Masalan, Xitoy “Made in China — 2025” dasturi doirasida SI asosidagi avtomatlashtirishni kengaytirib, sanoat samaradorligini taxminan 60 foizga oshirgani aytiladi. “McKinsey” maʼlumotlariga koʻra, bu texnologiyalar 2030-yilga qadar jahon YAIMga 13 trillion dollar qoʻshimcha qiymat qoʻshishi mumkin. Shuning uchun ekspertlar mamlakatimizda SIni ishlab chiqarish tizimiga integratsiya qilish borasidagi saʼy-harakatlar Oʻzbekistonni texnologiya isteʼmolchisidan uni yaratuvchi va eksportga chiqaruvchi davlatga aylantirish yoʻlidagi izchil qadam sifatida baholashayotgani diqqatga sazovor.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizda “MyID”, “UzFace” va “Uzbekkosmos” kabi milliy platformalar orqali sunʼiy intellekt yechimlari amaliyotga tatbiq etib kelinmoqda. Ular toʻplagan tajriba asosida ushbu jarayonni tizimli yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari koʻrilyapti. Shu maqsadda sunʼiy intellektni joriy qilish boʻyicha milliy strategiya ishlab chiqilayotgani ayni muddao boʻldi. Bu mamlakatda SI siyosati ilk bor aniq huquqiy asos va institutsional tuzilmaga ega boʻlayotganidan dalolat.

Quvonarlisi, ushbu jarayon oʻz mohiyati bilan jahon amaliyotidagi iqtisodiy va texnologik transformatsiya tendensiyalariga hamohang ravishda kechmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2024-yildagi Parlament saylovlaridan keyingi birinchi majlisida Prezidentimiz sunʼiy intellekt bilan bogʻliq munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish zarurligini taʼkidladi. Bu qadam SI siyosatining konstitutsiyaviy bosqichini tom maʼnoda yangi darajaga olib chiqdi. 2025-yil 15-aprelda quyi palata majlisida ayni masaladagi qonun loyihasi konseptual muhokamaga chiqarildi.

Shu tashabbus doirasida qonun loyihasi parlament quyi palatasida konseptual muhokamadan oʻtgach, Senatning 2025-yil 11-noyabrdagi oʻn birinchi yalpi majlisida ham koʻrib chiqildi. Yalpi majlisda taʼkidlanganidek, mazkur hujjat axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi sharoitida sunʼiy intellekt tizimlarini inson huquqlari, maʼlumot xavfsizligi va davlat boshqaruvining samaradorligini taʼminlovchi omil sifatida tartibga solishni koʻzda tutadi. Bu tashabbus nafaqat sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga, balki ulardan foydalanishning huquqiy va etik asoslarini belgilashga ham yoʻl ochadi. Uning qabul qilinishi orqali fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat maʼlumot tizimlarining shaffofligi hamda axborot xavfsizligi yangi bosqichga koʻtariladi. Qonun Senat aʼzolari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi va natijada Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan sunʼiy intellekt siyosatining huquqiy poydevori toʻliq shakllandi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

2024-yil 27-dekabr kuni boʻlib oʻtgan sunʼiy intellekt texnologiyalari va telekommunikatsiya sohasini rivojlantirishga bagʻishlangan taqdimot mamlakatda raqamli iqtisodiyot yangi bosqichga qadam qoʻyganini koʻrsata oldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda sunʼiy intellekt sohasidagi startaplarni moliyalashtirish, venchur ekotizimini rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishni ustuvor yoʻnalish sifatida belgiladi.

Taqdimotda Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jami 134 million dollar sarmoya jalb qilingani qayd etildi. Bu yoʻnalishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani jahon amaliyoti bilan izohlanadi. Masalan, “Startuphub.ai” tahlillariga koʻra, 2024-yilda global miqyosda sunʼiy intellekt startaplariga 103 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritilgan. Venchur ekotizimini rivojlantirish borasidagi qatʼiy pozitsiyasini Oʻzbekistonni innovatsiya eksporti va intellektual sarmoya markaziga aylantirish yoʻlidagi strategik qadam sifatida baholash mumkin.

Sunʼiy intellekt endi iqtisodiy drayverdan ham yuqori — milliy suverenitet va siyosiy barqarorlikni taʼminlovchi strategik omilga aylandi. Har bir sarmoya, har bir innovatsiya ortida davlatning global raqobatdagi nufuzini mustahkamlash gʻoyasi mujassam. Shu tariqa, iqtisodiy islohotlar siyosiy modernizatsiyaning amaliy ifodasiga aylandi va Oʻzbekiston sunʼiy intellektni davlat siyosatining yangi strategik siyosiy kategoriyasi sifatida shakllantirdi.

Ishlab chiqarish zanjiriga integratsiya

Soha mutaxassislarining eʼtirof etishicha, 2025-yil Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt siyosatining institutsional integratsiya bosqichi sifatida tarixda qoladi. Buning uchun asoslar yetarli, albatta. Aytaylik, yil boshida Prezidentimizning BAAning sunʼiy intellekt vaziri Umar bin Sulton al-Olama bilan uchrashuvi mamlakatning SI diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqdi. “Presight”, “AIQ”, “Khazna” kompaniyalari hamda Muhammad bin Zoid universiteti bilan oʻtkazilgan muzokaralar orqali Oʻzbekiston sunʼiy intellekt sohasida davlatlararo hamkorlikni tizimli asosda yoʻlga qoʻydi. Bu nafaqat texnologiya sohasidagi sheriklik, balki ilmiy bilimlar, maʼlumotlar xavfsizligi va investitsiya siyosatini qamrab olgan “aqlli diplomatiya” modeliga aylandi.

Sunʼiy intellekt endi iqtisodiy drayverdan ham yuqori — milliy suverenitet va siyosiy barqarorlikni taʼminlovchi strategik omilga aylandi.
Har bir sarmoya, har bir innovatsiya ortida davlatning global raqobatdagi nufuzini mustahkamlash gʻoyasi mujassam.

2025-yil 5-mart kuni boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash yigʻilishida sunʼiy intellektni davlat boshqaruvida nazorat va tahlil mexanizmi sifatida amaliyotga tatbiq etish masalasi koʻtarildi. Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, davlat xaridlarini tahlil qilib, noqonuniy holatlarni aniqlaydigan elektron tizim ishlab chiqish boshlandi. Bu yangi aqlli nazorat mexanizmi davlat boshqaruvidagi shaffoflikni taʼminlash bilan birga, siyosiy boshqaruvda sunʼiy intellektning amaliy qiymatini namoyon etdi. Bu tashabbus jahon amaliyotidagi tendensiyalarga hamohang boʻldi. Masalan, Estoniya davlat boshqaruvida SI asosidagi “KrattAI” tizimini joriy qilib, byurokratik xatolarni 30 foizga qisqartirdi. Singapur esa “Corrupt Practices Investigation Bureau AI System” orqali davlat xaridlaridagi shubhali operatsiyalarni aniqlash samaradorligini 40 foizga oshirgan.

Yilning ikkinchi yarmida integratsiya sohaviy darajaga koʻtarildi. 9-sentyabrda Prezidentimiz raisligida maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida qabul qilingan qarorga koʻra, 1-sinfdan axborot texnologiyalari, yuqori sinflarda esa sunʼiy intellekt fanlari joriy etildi. Bu qaror davlat rahbarining uzoqni koʻzlagan taʼlim strategiyasining bir qismi boʻlib, jahon amaliyotidagi ilgʻor modellarga hamohangdir. Masalan, Janubiy Koreyada 2022-yildan boshlab maktab taʼlimida “AI literacy” yoʻnalishidagi dasturlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda va 2025-yilga qadar ularni barcha bosqichlarga kengaytirish rejalashtirilgan. Singapurda esa boshlangʻich maktablarda “AI for Fun” kabi modullar sinov tariqasida joriy qilingan boʻlib, bu orqali yoshlarning raqamli savodxonligi va “STEM” sohalaridagi koʻnikmalari izchil oshirilmoqda.

2025-yil 9-10-oktyabr kunlari boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo — Rossiya” formatidagi ikkinchi sammit hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishlarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mintaqaviy ekspert kengashlari va sunʼiy intellekt hamkorlik platformalarini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu tashabbus Markaziy Osiyodagi raqamli siyosatning yangi integratsion modelini belgiladi, desak, adashmaymiz.

Texnologik qadriyat

2025-yil 21-oktyabrda oʻtkazilgan yigʻilishda Prezidentimiz sunʼiy intellektni Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot yoʻnalishi boʻlishi kerakligiga alohida toʻxtalib, kimki uni oʻz sohasiga faol joriy etsa, marrani zabt qilishini taʼkidlar ekan, majozan raqamli uygʻonishga daʼvat etdi. “Hamma vazirlar, hokimlar chet elga borganida sunʼiy intellekt iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga qanday hissa qoʻshayotgani, aholiga, biznesga nima yengillik berayotganini koʻryapti. Bizda ham shuni qilsa boʻladimi? Albatta, boʻladi”, dedi Prezidentimiz oʻz nutqida. Bu xitob orqali davlatimiz rahbari barcha rahbarlar va sohaviy mutasaddilarni raqamli jarayonlarni tomoshabin sifatida emas, faol ishtirokchi boʻlib koʻrishni istadi, nazarimizda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev millatning uygʻongan farzandi sifatidagi bu fikrlari orqali butun tizimni uygʻoqlikka, millatni esa raqamli taraqqiyot sari faol qadam tashlashga chorladi.

Oʻzbekistonning bu yoʻldagi eng katta yutugʻi — SI “siyosatini inson — davlat — intellekt” uygʻunligi asosida qurishdir. Bu uchlik zamonaviy davlat tafakkurining yangi modelini yaratdi: inson markazida turgan davlat, intellektual tahlil asosida ishlaydigan boshqaruv va milliy qadriyatlar bilan uygʻun texnologik tizim. Ha, bu texnologik qadriyatdir. Ehtimol, koʻplab yurtdoshlarimiz sunʼiy zakoning jamiyatga shiddat bilan kirib kelayotganiga taajjublanar. Ammo bu jarayon tasodif emas — u uzoq strategik yondashuv, raqamli uygʻonish yoʻlida fidoyi mehnat qilayotgan uygʻonganlarning saʼy-harakatlari mahsulidir.

Sanjar SHOMURODOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?