Qurilishga oid talablar soddalashtirilmoqda

12:16 06 Yanvar 2022 Jamiyat
946 0

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasiga oid talablarni soddalashtirish hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Mazkur loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:

— shaharsozlik normalari va qoidalarini birlashtirish yoʻli bilan tizimlashtirish, bugungi kunda oʻz ahamiyatini yoʻqotgan hujjatlarni bekor qilish;

— qurilish obyektining yakuniy holatiga boʻlgan talablarni belgilab beruvchi qurilishni normalashning parametrik usulini qoʻllash;

— jismoniy va yuridik shaxslarga shaharsozlik faoliyati sohasida xorijiy normativ hujjatlarini belgilangan shartlar asosida qoʻllashga ruxsat berish;

— qurilish sohasida narxlarni shakllantirishda asos boʻluvchi smeta qoidalarini smeta normativlari shaklida tasdiqlash va ochiqlikni taʼminlash;

— qurilish sohasidagi oʻzini oʻzi boshqaruvchi notijorat tashkilotlarga aʼzo boʻlish tartibini joriy etish orqali arxitektura-shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash tartibini bekor qilish;

— qurilish sohasidagi yakka tartibda uy-joy qurish (rekonstruksiya qilish) boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini bekor qilish;

— xususiy sektordagi yuridik shaxslarga qurilish-montaj ishlarida qurilish nazoratini amalga oshirish huquqini berish;

— texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasiga tizimli ravishda joylashtirilishini taʼminlash;

— sunʼiy yoʻldosh va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari orqali yerni masofadan zondlash va yoʻldoshli aloqa kosmik apparatlarini qoʻllash orqali qurilishda shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi monitoring qilish tartibini takomillashtirish;

— innovatsion jarayonlarini, yangi turdagi materiallar va mahsulotlarni sinovdan oʻtkazishga moʻljallangan «Trial pool» – sinov maydonini tashkil etish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?