Qurib borayotgan daraxtlarning egasi bormi?

Mamlakatimizda keng koʻlamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab daraxt koʻchatlari ekildi. Bu tashabbus orqali ekologik barqarorlikni taʼminlash, havoning ifloslanishini oldini olish, aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirish kabi muhim maqsadlar koʻzlangan. Ammo baʼzi joylarda ushbu ezgu niyatlar, afsuski, amaliy samara oʻrniga nihoyatda koʻngilsiz manzaralarga olib kelmoqda.
Surxondaryo viloyati misolida mazkur umummilliy loyiha boshlanganidan buyon 50 millionga yaqin koʻchat ekilgan. Faqatgina 2024-yilning kuzgi mavsumida 6 million 3 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchati yerga qadaldi. Buning uchun oʻrtacha har bir koʻchat 10 ming soʻmdan baholanib, jami 60 milliard 30 million soʻm sarflangan. Mablagʻ bor, koʻchatlar bor, mehnat bor — lekin natija yoʻq?
“Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” yoʻnalishidagi M-39 xalqaro avtomobil yoʻlining Termiz, Angor, Muzrabot, Sherobod tumanlari hududidan oʻtuvchi 61 kilometr qismidagi boʻsh yerlarning ikki atrofi tekislanib, manzarali daraxt koʻchatlari ekildi. Buning uchun adir va toshloq maydonlardan iborat bu yerlarga unumdor tuproq tashib keltirilib, yoʻl boʻyi koʻchat oʻtqazishga hozirlandi. Kuzgi mavsumda yoʻlning ikki boʻyidagi boʻsh yerlarga qariyb 300 ming tup turli daraxt koʻchati ekildi. Yangi texnologiyalar asosida yomgʻirlatib sugʻorish tizimi oʻrnatildi. Suv havzalari tashkil qilindi, har bir tashkilot va korxonaga belgilangan yer uchastkalari biriktirilib, ular koʻchatlarni parvarishlashga masʼul etib tayinlandi.
Bir qarashda barcha sharoitlar yaratilganga oʻxshaydi. Ammo amalda bu daraxtlar bugungi kunda juda achinarli ahvolda. Xususan, Sherabod tumani orqali oʻtuvchi M-39 magistral yoʻli yoqasidagi koʻchatlarning katta qismi qurib ketmoqda. Yaratilgan tizimning ishlamayotgani, masʼullarning beparvoligi va eng achinarlisi, bu muammoga hech kimning jiddiy eʼtibor bermayotgani tufayli koʻchatlar tik turib “jon bermoqda”.
Muammolarning asosiy sabablaridan biri — sugʻorish tizimining samarasizligi. Yomgʻirlatib sugʻorish uchun moʻljallangan uskunalar baʼzi joylarda umuman ishga tushirilmagan, baʼzilari esa nosoz holda. Suv manbalari yetarlicha taʼminlanmagan. Buning ustiga, masʼul tashkilotlar oʻzlariga biriktirilgan hududlardagi daraxtlarni sugʻorish va parvarishlash ishlarini nazorat qilmayapti. Oʻz navbatida, mahalliy aholi va yoʻl boʻylab harakatlanuvchi fuqarolar bu holatni koʻrib, achinmoqda. Ular tomonidan bildirilayotgan fikrlar bir xil — “nima uchun bu daraxtlar qurib borayotganiga hech kimning ichi achimayapti?”
— Har kuni velosipedda shu hududdan ishga qatnayman, — deydi oʻzini Ilhom aka deb tanishtirgan fuqaro. — Qurib, nobud boʻlish arafasidagi archalarning sanogʻi yoʻq, koʻrib, rahmim keladi. Masʼullar eʼtibor bermasa, vaziyat yanada yomonlashadi. Mening taklifim shundaki, hozir ishsiz yurgan yoki qoʻshimcha daromad izlayotgan fuqarolar bor. Agar oʻzlariga biriktirilgan tashkilotlar daraxtlarni parvarishlashga vaqt ajratolmasalar, oʻz yumushlaridan ortmasalar, shu kabi fuqarolarni oylik maosh bilan ishga yollashlari mumkin. Ular bu ishga bajonidil kirishardi, daraxtlarni oʻz vaqtida sugʻorish, parvarishlar va tikanzorlarni tozalash kabi vazifalarni aʼlo darajada bajarardilar. Bunda ijtimoiy muammo ham yechiladi — ishsizlar oʻzini band deb his etadi, qoʻshimcha daromadga ega boʻladi, ish beruvchi tomon esa zimmasidagi masʼuliyatni bajaradi.
Ilhom akaning soʻzlarida jon bor. Masʼullar bu haqda oʻylab koʻrishlariga arziydigan taklif. Agar shuncha mablagʻ, mehnat va resurslar sarflanib, natijada qurib ketgan koʻchatlar ortidan jim turilaversa, bu nafaqat loyihaning samaradorligiga, balki davlat siyosatining ijrosiga ham jiddiy soya soladi. Chunki “Yashil makon” — bu faqat qoʻlda ketmon olib koʻchat ekish emas. Bu bir butun tizimli ishlar, sugʻorish, parvarish, nazorat va javobgarlik demakdir.
Ayniqsa, “Yashil makon” umummilliy loyihasida har bir soʻm, har bir koʻchat hisob-kitob qilinishi shart. Bu loyihaga oʻtkazilayotgan mablagʻning koʻkka sovurilishidan faqat tabiat emas, aksincha iqtisodiyotimiz ham katta talafot koʻradi. Qolaversa, odamlar koʻz oʻngida qurib borayotgan daraxtlar mutasaddilarga, mahalliy rahbarlarga boʻlgan ishonchni susaytiradi.
Shunday ekan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi shunchaki ramziy tashabbus emas, balki amaliy natija berishi lozim boʻlgan keng qamrovli harakatdir. Daraxtlar qurib boryaptimi — demak, tizim ishlamayapti. Tizim ishlamayaptimi — demak, kimdir oʻz vazifasini bajarmayapti. Demak, ular tabiatga, jamiyatga xiyonat qilyapti. Bu xiyonatni esa kechirib boʻlmaydi. Biz bu maqola yuzasidan tegishli vazirlikdan aniq javob kutamiz va mavzuga yana qaytamiz.
Farhod ESONOV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring