Qozogʻistonning Oʻzbekistondan anor olib kirishga qoʻygan taqiqi boʻyicha izoh berildi

12:23 22 Fevral 2019 Jamiyat
1461 0

Qozogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilingan xabarda 2018 yil va joriy yilning yanvar-fevral oylarida Qirgʻizistondan Qozogʻistonga olib kirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari karantin koʻrigidan oʻtkazilganda 465 ta holatda fitosanitariya talablari buzilganligi, jumladan, 59 holatda karantindagi zararli organizmlar mavjudligi aniqlangan. “Oʻzdavkarantin” axborot xizmati mazkur masalaga rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq, Qozogʻiston Oʻzbekistondan anor olib kirishni vaqtincha taqiqlagani haqida saytimiz orqali xabar bergandik.

Shuningdek, Qozogʻiston karantin xizmati Oʻzbekistondan 2018 yilda ikki holatda (22 oktyabrda 684 kg va 31 oktyabrda 615 kg) joʻnatilgan anordan Komstok qurti borligi aniqlanganini maʼlum qilgan.

Xalqaro fitosanitariya nazoratini amalga oshirish tajribasiga koʻra, koʻrik jarayonida oʻsimlik va oʻsimlik mahsulotlarida karantindagi zararli organizmlar aniqlansa, zudlik bilan eksport qiluvchi davlatning karantin xizmatiga maʼlum qilinadi.

Ayni paytda nima sababdan Qozogʻiston karantin xizmati anordan Komstok qurti aniqlanganidan qariyb 120 kun oʻtib bu haqda maʼlum qilgani hamda ushbu mahsulot importiga vaqtincha taqiq qoʻygani oʻrganilmoqda va muzokaralar olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Oʻzbekistonning anor mahsuloti asosan Rossiya bozorlariga yetkaziladi (koʻp hollarda Qozogʻiston Oʻzbekiston anorlarini Rossiyaga reeksport qiladi).

Mamlakat eksportyorlariga hozirda anor mahsulotini Rossiya va boshqa mamlakatlarga Qozogʻiston hududi orqali tranzit tarzida olib oʻtishlarida hech qanday toʻsiqlar mavjud emasligini maʼlum qilindi.

Muzokaralar yakuni boʻyicha qoʻshimcha axborot beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер