Qonunchilikka sotuvchilarni oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarishga undaydigan normalarni belgilovchi qoʻshimcha kiritilmoqda

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlashga hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga, isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga, shuningdek, yod yetishmasligi kasalliklarini profilaktika qilishga va ularning oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga talon-toroj qilganlik, ichki ishlar organlari xodimining va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik uchun jazo choralarini kuchaytirish, shuningdek, savdo sohasida isteʼmolchilarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlash uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, isteʼmol bozorini yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻldirishga doir choralar koʻrish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Shu bois mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi hamda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunlariga tegishli oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga energiya resurslarini oz miqdorda talon-toroj qilish hamda ichki ishlar organlari xodimining va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bogʻliq huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga sotuvchilarni oldi-sotdi shartnomasida koʻrsatilgan majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarishga undaydigan normalarni belgilovchi qoʻshimcha kiritilmoqda.
Taʼkidlanganidek, 2024-yilda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga isteʼmolchilardan kelib tushgan 30 070 ta murojaatlarning 4 213 tasida sotuvchilar tomonidan tovarlar (avtomobil, maishiy texnika, tayyor ovqat, mebel va boshqalar)ni kelishilgan muddatlarda yetkazib berilmaganligidan norozi boʻlgan.
Bundan tashqari, birgina avtomobil oldi-sotdisi boʻyicha shartnomalarda koʻrsatilgan muddatlarga rioya etilishi tizimli ravishda oʻrganilganda 5 332 ta holatda sotuvchilar tomonidan avtomobillarni yetkazib berish muddatlari buzilishi aniqlangan.
Qonun bilan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni isteʼmolchiga yetkazib bermagan taqdirda sotuvchi kechiktirilgan har bir vaqt birligi (shartnomada koʻrsatilgan daqiqa, soat, kun) uchun majburiyatning bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida isteʼmolchiga penya toʻlashi, biroq bunda penyaning umumiy summasi topshirilmagan tovar bahosidan oshib ketmasligi kerakligi aniq belgilab qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga mamlakatimizda faqat yodlangan osh tuzi ishlab chiqarilishini, olib kirilishini va realizatsiya qilinishini, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda yodlangan tuzdan majburiy tarzda foydalanilishini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining osh tuzini hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yodlashga, yodlangan tuzning muomalasiga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini belgilash sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar tomonidan qonunni qabul qilinishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashga, isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha huquqiy asoslarni yaratishga, shuningdek, aholining sogʻligʻini saqlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Muhokamadan soʻng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring