Qoʻmita majlisida Davlat byudjeti qonuni muhokama etildi

09:57 11 Dekabr 2025 Siyosat
231 0

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisida “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, kelgusi yil Davlat byudjetida barcha sohalar, xususan, ijtimoiy sohaga salmoqli miqdorda mablagʻ ajratilishi nazarda tutilmoqda. Jumladan, 2026-yilgi Davlat byudjeti xarajatlari joriy yilga nisbatan 3,5 foizga oshib, 402,4 trln soʻm miqdorida rejalashtirilmoqda. Ushbu summaning 54,7 foizi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston ijtimoiy davlat sifatida xalqimizning farovon yashashi uchun juda katta moliyaviy yukni oʻz zimmasiga olmoqda.

Daromadi qisman oshgan, biroq kambagʻallik chegarasida turgan oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida “ijtimoiy paket” joriy etilishi belgilamoqda.

Shuningdek, Davlat byudjetida yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish maqsadlari uchun 85 mlrd soʻm nazarda tutilmoqda.

Davlat teatrlari Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan davlat buyurtmasini bajarish sharti bilan bosqichma-bosqich loyihaviy moliyalashtirish tizimiga oʻtishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, madaniyat va sport obyektlarini tadbirkorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida bino va inshootlarni qurish, taʼmirlash, jihozlash hamda madaniyat markazlarini ularning faoliyatini boshqarish taklifi bilan berish rejalashtirilmoqda.

Yoshlarning startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida eng ilgʻor texnologiyalarni olib kelib, 100 ta mahalliy startapni xalqaro miqyosda jozibador biznesga aylantirish uchun 50 mlrd soʻm yoʻnaltirilmoqda.

Muhokama jarayonida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari senatorlarning savollariga aniqlik kiritdi va tushuntirishlar berdi.

Majlis soʻnggida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?