Qirgʻiziston “Tolibon”ni terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqardi

08:12 06 Sentyabr 2024 Dunyo
408 0

Foto: Yandex

Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi mamlakat hududida sudlar tomonidan faoliyati taqiqlangan terrorchilik tashkilotlarining roʻyxatini eʼlon qildi, ular orasida “Tolibon” yoʻq, deb xabar bermoqda “Anadolu” agentligi.

Qayd etilishicha, 20 ta tashkilot nomi keltirilgan hujjatga 2006-yildan beri Qirgʻizistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingan — “Tolibon” kiritilmagan.

Qirgʻiziston Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi rahbari oʻrinbosari Azamat Yusupovga koʻra, Afgʻonistonda yuz bergan soʻnggi oʻzgarishlar sabab, “Tolibon” roʻyxatdan chiqarilgan boʻlishi mumkin.

“Batafsil maʼlumot olish uchun sud organlariga va roʻyxatni eʼlon qilgan Bosh prokuraturaga murojaat qilishingiz lozim”, deydi u.

Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi raisining boshqa bir oʻrinbosarining qoʻshimcha qilishicha, Qozogʻistonda ham “Tolibon” terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqarilgan. Uning soʻzlariga koʻra, hozirda KXSHT davlatlari ham ushbu masalani muhokama qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?