Prinston olimlari yaratgan “metabot”lar nimalarga qodir?

AQSHdagi Prinston universiteti muhandislari motor yoki ichki mexanizmlarsiz harakatlana oladigan va shaklini oʻzgartiruvchi noyob material – “metabot”ni yaratdi. U masofadan turib elektromagnit maydon orqali boshqariladi va xuddi robotga oʻxshab harakatlana oladi.
“Tashqi magnit maydon bilan boshqariluvchi ushbu qurilmadan material yoki robot sifatida foydalanish mumkin”, — deydi Prinston universitetining muhandislik boʻyicha professori Glauchio Paulino.
Kashfiyot haqida maqola chop etilgan “Nature” jurnalida yozilishicha, ushbu ilmiy yondashuv origami – qogʻoz buklash sanʼatidan ilhomlangan boʻlib, muhandislar materialga harakat va shaklni oʻzgartirish xususiyatini berish uchun maxsus plastmassa va magnitli kompozitlardan foydalangan. Ixtiroga “metabot” — yaʼni harakatlana oladigan va shaklini oʻzgarta oladigan metamaterial deb nom berilgan.
“Elektromagnit maydonlar bir vaqtning oʻzida ham energiya, ham signal uzata oladi. Bir nechta oddiy harakatlarni birlashtirish natijasida murakkab tuzilishli harakat hosil qilish mumkin. Ushbu tadqiqot elektr kuchini masofadan turib aniq va tez uzatish orqali murakkab robot harakatlarini yuzaga keltirish mumkinligini isbotlab berdi”, — deydi elektr va kompyuter muhandisligi professori Minjiye Chen.
“Metabot” koʻplab qayta shakllantirilishi mumkin boʻlgan bloklardan tashkil topgan boʻlib, har bir blok oʻzining aks nusxasi hisoblanadi. Bu xususiyat “chirality” deb ataladi va murakkab harakatlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Italiyaning Trento universiteti professori David Bigoni tadqiqotni robototexnika, ayerokosmik muhandislik, energiya yutilishi va oʻz-oʻzini termoregulyatsiya qilish kabi koʻplab sohalarda katta oʻzgarishlarga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi.
Tadqiqotchilarning bildirishicha, ixtiro kelajakda kompyuterning tranzistorlar asosida ishlovchi mantiqiy harakatlariga taqlid qiluvchi fizik strukturalar yaratishda ham qoʻllanilishi mumkin.
Anora Alimqulova,
OʻzJOKU.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring