Prezident Toshkent viloyati fermerlari bilan suhbatlashdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Boʻka tumaniga tashrif buyurdi. “Valixon ota” fermer xoʻjaligi dalasida boʻlib, paxta terimini koʻzdan kechirdi.
Joriy yil iyul oyida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishlarida davlatimiz rahbari gʻoʻza rivojini jadallashtirish, hosilga hosil qoʻshish boʻyicha dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga muvofiq Toshkent viloyatida ham zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi. Viloyatda qariyb 76 ming gektar, Boʻka tumanida salkam 13 ming gektar maydonda paxta yetishtirildi. Ayni kunlarda paxta terimi davom etmoqda.
Prezidentimiz shu yerda viloyat fermerlari va qishloq xoʻjaligi mutasaddilari bilan suhbatlashdi.
Bu yilgi ob-havo paxtachilik uchun noqulay keldi. Suv kam, zararkunanda hasharotlar koʻp boʻldi. Paxta rivoji kechikdi.
Davlatimiz rahbari hamma sohalar qatori qishloq xoʻjaligida ham asosiy maqsad xalqimiz manfaati ekanini, qaysi mahsulot koʻproq daromad keltirsa, oʻsha ekilishini taʼkidladi.
Manfaatdorlik boʻlishi uchun qilingan xarajatni qoplab, foyda koʻrish kerak. Ertangi kuni bugunidan yaxshi boʻlishi uchun har bir odam oʻzi harakat qilishi zarur. Hozirgi zamonda kim yutadi - intilgan yutadi, mehnat qilgan yutadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yil paxta hosilini yigʻib-terishda narx ikki barobar oshirildi. Jumladan, Toshkent viloyatida bir kilogramm paxta terish uchun ming soʻmdan ziyod pul toʻlanmoqda.
Muloqotda fermerlarga oʻz mehnati samarasini koʻrish vaqti kelgani, buning uchun paxta terimini uyushqoqlik bilan tashkil etib, hosilni yogʻinli kunlarga qoldirmay yigʻib olish zarurligi taʼkidlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring