Prezident qishloq xoʻjaligida yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentyabr kuni qishloq xoʻjaligida yer resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Oxirgi besh yilda yer hisobini yuritish boʻyicha yangi tizim yaratildi, qisqa vaqtda mamlakatimizdagi 45 million gektarga yaqin yer maydonidan 42 million gektari, yaʼni 94 foizi, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 26 million gektardan ziyod yerlarning 88,4 foizi davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Taqdimot davomida ilgari fuqarolar va tashkilotlar foydalanishida boʻlib, tuman hokimliklari tasarrufiga qaytarilgan boʻsh yerlarning hisobini alohida yuritish zarurligi taʼkidlandi. Bunday yerlarni qisqa muddatda auksionga chiqarish boʻyicha inson omilisiz ishlaydigan tizim yaratish topshirildi.
Qishloq xoʻjaligida yerga ijara huquqini bozor aktiviga aylantirish boʻyicha ishlar boshlandi, yerga nisbatan qayta ijara, ikkilamchi ijara institutlari kiritildi.
Endilikda ijaraga berilgan yerlarni qisman qayta ijaraga berishga, yaʼni bir qismini oʻzida olib qolib, qolgan qismini boshqa ijarachiga oʻtkazishga ham ruxsat beriladi. Ilgari bu uchun yerni davlatga qaytarish va yangidan auksionga chiqarish lozim edi.
2021-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi yerlari faqat ijara huquqi bilan ajratilmoqda. Yigʻilishda 2027-yil 1-yanvargacha qishloq xoʻjaligida foydalanilayotgan barcha yerlarni ijara huquqiga oʻtkazish lozimligi taʼkidlandi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga xizmat koʻrsatuvchi obyektlar – yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash, qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki qurishga ruxsat beriladi.
Buning uchun avval yer tuzish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi. Ushbu loyiha qurilishga ruxsat berish paytida yerga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.
Bu yangilik qishloq xoʻjaligida yangi imkoniyatlarni ochadi, bogʻbon oʻzi bogʻining bir chetida mevani saqlash joyi, chorvador oʻz yaylovining bir qismida chorva mollari va chorva ozuqasini saqlash joylari qurish imkoniyatiga ega boʻladi.
Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish, ijarachilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, sohaga bozor munosabatlarini yanada keng joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Taqdimot yakunida mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha farmon imzolandi, qonunosti hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring