Prezident mutasaddilarga barcha mahallalarda ixtisoslashuvni oxiriga yetkazishni topshirdi

14:55 14 Oktyabr 2025 Siyosat
199 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishida tuman hokimlari berilayotgan mablagʻdan oqilona foydalanib, “mahalla yettiligi” bilan yangi yondashuvlar asosida ishlashi zarurligi qayd etildi.

Masalan, Norindagi Shoʻrariq mahallasi atrofidagi yana 6 ta mahallaga xizmat koʻrsatadigan markazga aylanmoqda. Bundan ruhlanib, “Zamonaviy guzar, servis markazi, bogʻcha, maktab quraman, ishlab chiqarish qilaman!” deb oʻnlab tadbirkorlar tashabbus bilan chiqdi.

Atrofidagi 6 ta mahalla shtatidan toʻgʻri foydalanib, tejalgan mablagʻ hisobidan arxitektor va urbanist jalb qilingani natijasida ushbu 7 ta mahalla qiyofasini butunlay oʻzgartirish uchun imkoniyat paydo boʻlyapti.

“Chunki tadbirkorlar ishini boshlash va biznesini kengaytirish uchun, birinchi navbatda, yaxshi joy soʻrayapti. Har bir mahallada gavjum koʻcha bormi – bor! Boʻsh yer va binolar bormi – bor! Faqat mutaxassis bilan shu joyning loyihasini tayyorlab, infratuzilma qilib berish kerak!” deb vazifa qoʻydi Prezident.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga Islohotlar shtabi bilan birga birinchi bosqichda 33 ta tuman va 330 ta mahallada ishlarni ana shunday yondashuv asosida yoʻlga qoʻyish topshirildi.

Shuningdek, yigʻilishda mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga 7 mingta mahalla meva-sabzavot, gulchilik, asalarichilik, tikuvchilik, mebelsozlik, savdo va servis kabi 15 ta yoʻnalishga ixtisoslashdi. 3 ming 326 ta mahalladagi 50 foiz xonadon bu tizim bilan qamrab olingani uchun 1,5 million oila daromadli boʻldi.

Mahalla bankirlari, hokim yordamchilari har bir mahallada oʻrtacha 40 tadan mikroloyiha qilishi uchun ularga joriy yilda 6,5 trillion soʻm resurs berildi.

Lekin shuncha resurs berilsada, hamma hokimlar va “mahalla yettiligi” ham bir xil ishlamayotgani taʼkidlandi. Hududlardagi 2 ming 356 ta mahallada esa hali ixtisoslashuv darajasi ancha past.

Mutasaddilarga barcha mahallada ixtisoslashuvni oxiriga yetkazish kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Bunda mahallalar aholisi bilan uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib, aniq ixtisosligini belgilash, kamida 200 ming aholini band qiladigan mikroloyihalarni shakllantirish topshirildi.

Kelasi yildan meva-sabzavotga ixtisoslashgan 2 ming 682 ta mahallaga sanoat olib kirish uchun imtiyozli resurslar, avvalo, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash loyihalariga beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?