Prezident makrobarqarorlikni taʼminlash choralari bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga inflyatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026-yilga moʻljallangan vazifalar toʻgʻrisida axborot berildi.
Ichki bozorni toʻyintirish va inflyatsiya omillarini jilovlash boʻyicha izchil ishlar tufayli barqaror iqtisodiy oʻsish taʼminlanayotgani, inflyatsiyani pasaytirish va milliy valyutani mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.
2025-yil 1-noyabr holatiga koʻra, yillik inflyatsiya darajasi oʻtgan yilgi 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026-yilda bu koʻrsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027-yilda esa 5 foiz doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, 2026-yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat koʻrsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytiradi.
Yigʻilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Yuqori oʻsish surʼatlari va aholi bandligini taʼminlash maqsadida kelgusi yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar hajmi 450 trillion soʻmga yetkaziladi.
Davlatimiz rahbariga mikro, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida axborot berildi. Yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlariga 116 trillion soʻmlik kreditlar ajratildi, bu oʻtgan yilga nisbatan 1,4 barobar koʻpdir.
Mahallabay ishlash doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanib, ularga 1,1 trillion soʻmlik kreditlar ajratildi. Yil yakuniga qadar mazkur koʻrsatkich 100 ming nafarga yetkaziladi.
2026-yilda ham kambagʻallikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka faol jalb etish boʻyicha ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan. Mikro, kichik va oʻrta biznesni kreditlash hajmini 140 trillion soʻmga yetkazish, yana 100 ming fuqaroning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash moʻljallangan.
Prezidentimiz aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash hamda moliya bozorida sogʻlom raqobatni rivojlantirish bundan buyon ham bank-moliya siyosatining bosh vazifasi boʻlishi lozimligini taʼkidladi.
Mutasaddilarga inflyatsiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimiz makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring