Prezident keyingi yil paxtada 4,5 mln, gʻallada 10 mln tonnalik xirmon kutilayotganini aytdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlari bilan boʻlib oʻtayotgan muloqotida soʻzining davomida kelgusi yil uchun soha oldida turgan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.
“Yaqinda Samarqand, Jizzax va Sirdaryoda fermerlar va dehqonlar bilan uchrashib, boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan tanishib, juda mamnun boʻldim. Ulardagi shijoatni koʻrib, keyingi yil paxtada 4,5 million, gʻallada 10 million tonnalik xirmonni bemalol uddalash mumkinligiga yana bir bor ishonch hosil qildim”, dedi davlatimiz rahbari.
Yangi agrotexnologiya yordamida 76-sxema boʻyicha paxta yetishtirishni kelgusi yilda ommalashtirib, 891 ming gektarda toʻliq shu sxema boʻyicha paxta yetishtiriladi. Koʻsak qurti, gerbitsid, shoʻr va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydonlar 2 karra koʻpaytirilib, 500 ming gektarga olib chiqiladi.
“Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekiladi. Buning uchun dalalarda tomchilab sugʻorish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratiladi. Oʻz mablagʻidan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard soʻm beriladi.
Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitini yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya ajratiladi.
Mahalliy yangi paxta navlarini yaratish ishlariga ham alohida eʼtibor qaratiladi.
Xususan, ilmiy markazlarda 56 ta mahalliy navni xorijiy navlar bilan seleksiya qilish asosida paxta urugʻchiligi rivojlantiriladi. Genomika va Paxtachilik ilmiy institutlariga fitotron va issiqxona qurib beriladi.
Paxta yetishtirish uchun birja orqali mineral oʻgʻit va yoqilgʻini 10-15 foiz arzon narxda yetkazib berish amaliyoti kelgusi yilda ham davom ettiriladi. Endilikda paxta va gʻalla yoʻnalishidagi fermerlarning alohida reytingi yuritiladi.
Bunda kamida 10-yildan ortiq ishlayotgan, kredit, lizing va soliqdan muddati oʻtgan qarzi boʻlmagan fermerlarga reytingiga qarab Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan berilayotgan imtiyozli kredit stavkalari yanada pasaytiriladi. Yaʼni reytingning yuqori pogʻonasida turgan fermerlarga kredit stavkasi paxta uchun 8 foiz, gʻalla uchun 10 foiz qilib belgilanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring