Prezident Karmanada qurilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkida boʻldi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida barpo etilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkini borib koʻrdi.
Navoiy viloyatida kimyo sanoati rivojlangan. Hududda mineral resurslar koʻp, tarmoq infratuzilmasi va kadrlar salohiyati yaxshi. Bundan foydalanib, istiqbolli korxonalar tashkil etish uchun esa mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlarga sharoit bor.
Shu negizda xitoylik ishbilarmonlar tomonidan “Zarafshon industrial technology” nomi ostida kimyo texnoparki barpo etilmoqda.
Mazkur majmua uchun 130 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yerda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 18 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgacha ularning ikkitasi - 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi olish loyihalari ishga tushirildi.
Eʼtiborlisi, sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil boʻladigan issiqlikdan unumli foydalanish maqsadida 1,4 megavatt quvvatga ega bugʻ-gaz qurilmali energoblok qurilgan. Bu korxona oʻzini oʻzi toʻliq elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.
Texnoparkda boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalari samarali yoʻlga qoʻyiladi. Natijada qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar oʻrni qoplanadi.
Texnoparkda mahalliylashtirish ayni paytda 31 foizni tashkil qiladi. Loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida bu koʻrsatkich ikki barobar ortadi.
Bugungi kunda texnoparkda 300 kishining bandligi taʼminlangan. Barcha loyihalar amalga oshgach, 2 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi, antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash oʻzlashtiriladi. Texnoparkning yillik eksport salohiyatini 2026-yilda 30 millionga yetkazish va izchil oshirib borish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kerakli kommunikatsiya tarmoqlari ham xorijiy investor mablagʻlari hisobidan qurilmoqda.
Shu yerda 2024-2030-yillarda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.
Unga koʻra, 5 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularda 3 mingdan ziyod yangi ish oʻrni boʻladi. Yiliga 2 milliard dollardan ziyod kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yoʻnaltiriladi.
Prezidentimiz loyihalarda ekologiya talablariga alohida eʼtibor qaratish, zavodlarni uglerod oksidini havoga kam chiqaradigan uskunalar bilan jihozlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Loyihalardan 4 tasi kelgusi yili foydalanishga topshirilishi moʻljallangan. Davlatimiz rahbari ularning investorlari bilan muloqot qildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring