Prezident eʼtirofi – tadbirkorga ishonch va ragʻbat

15:19 20 Avgust 2025 Jamiyat
162 0

Sanoat rivoji, xizmat koʻrsatish sifatining oshishi, eksport salohiyatining yuksalishi — bularning barchasi zamirida mehnatsevar va tashabbuskor tadbirkorlarning tinmas izlanishi, mehnati mujassam. Shuning uchun ham mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ularning faoliyatini ragʻbatlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.

Tadbirkorlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz boʻylab soha vakillarini ragʻbatlantirish, ularning xizmatlarini eʼtirof etishga bagʻishlangan tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Prezidentimizning Farmoni va Farmoyishiga muvofiq, yurtimizda iqtisodiy barqarorlikka hissa qoʻshayotgan, innovatsion yondashuvlar asosida ish yuritayotgan, aholi bandligi hamda farovonligini taʼminlashda faol ishtirok etayotgan bir guruh ishbilarmonlar yuksak mukofotlarga sazovor boʻldi.

Termiz shahrida oʻtkazilgan shunday tantanali marosimda Surxondaryo viloyatidan bir guruh faol tadbirkorlar munosib ragʻbatlantirildi. Jumladan, Bandixon tumanidagi “Omad” fermer xoʻjaligi rahbari Botir Rajabov Prezidentimiz Farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Uning qishloq xoʻjaligidagi samarali faoliyati, zamonaviy ish uslubi va yurtimiz oziq-ovqat xavfsizligiga qoʻshayotgan hissasi yuksak baholandi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi farmoyishiga asosan besh nafar surxondaryolik tadbirkor ushbu nufuzli mukofotga sazovor boʻldi. Ular sanoat, xizmat koʻrsatish va agrosanoat sohalarida faoliyat yuritib, viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi tomonidan “Shuhrat” medali va “Faol tadbirkor” koʻkrak nishonlari oʻz egalariga tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar yurt taraqqiyoti, Yangi Oʻzbekiston ravnaqi yoʻlida tadbirkorlarning tutgan oʻrni va muhim xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

“Omad” fermer xoʻjaligi rahbari Botir Rajabov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani uchun Prezidentimizga chuqur minnatdorlik izhor etar ekan, bu eʼtirofni faqat oʻzining emas, balki yurt ravnaqi uchun sidqidildan mehnat qilayotgan barcha tadbirkorlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini taʼkidladi:

— Bugungi Yangi Oʻzbekistonda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, faoliyat yuritish uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, soliq va moliyaviy imtiyozlar, yer maydonlarining shaffof ajratilishi — tadbirkorlarni yanada faol boʻlishga, yurt ravnaqiga munosib hissa qoʻshishga undamoqda. Bunday ishonch va ragʻbat biz, tadbirkorlar uchun katta masʼuliyat. Biz bu eʼtiborni amaliy ishlar bilan oqlashga harakat qilamiz.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida 25 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ulardan 21 ming 53 tasi kichik korxona va mikrofirmalardir. Mazkur ishbilarmonlar tomonidan zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari yoʻlga qoʻyilmoqda, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda, eksportbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Xizmat koʻrsatish sifatining ortishi, zamonaviy binolar qurilishi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar aholi turmush darajasini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur mukofotlar — bu faqatgina eʼtirof emas, balki yurtimizda tadbirkorlikka, fidoyi mehnat egalarining xizmatlariga boʻlgan yuksak munosabatning yorqin ifodasidir. Yangi gʻoyalar, yangi tashabbuslar, ishonch va ragʻbat bilan bunyodkorlik sari intilgan tadbirkorlarimiz esa bu eʼtibor va ishonchni yanada katta yutuqlar bilan oqlashga intilmoqda.

Farhod ESONOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?