Peshkuliklar markazlashgan oqava suv tarmogʻidan foydalanmoqda

15:30 09 Aprel 2025 Jamiyat
238 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro viloyatining chekka tumani sanalgan Peshkuda xonadonlarni toza ichimlik suv bilan taʼminlash, shuningdek, aholining kanalizatsiya tarmogʻi xizmatidan foydalanishi uchun shart-sharoit yaratish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman markazidagi Mustaqillik, Yangibozor, Cheqirchi, Navbahor mahallalarida ilk bor ana shunday qulaylik yaratildi.

— Hozir toʻrtala mahallada yashovchi toʻqqiz ming nafarga yaqin aholi kanalizatsiya xizmatidan foydalanish imkoniga ega. Biz, peshkuliklar bundan benihoya xursand boʻldik, — deydi mehnat faxriysi I. Umarov. — Negaki, yaratilgan qulaylik hududdagi sanitariya-gigiyena ahvolini yaxshilashga olib keladi. Fuqarolarning u yoki bu kasallikka chalinishi ehtimolini kamaytiradi.

Aytish joizki, bu xayrli ish Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) ishtirokidagi “Buxoro viloyatining suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida amalga oshirildi. Loyihaning dastlabki bosqichiga koʻra, viloyatdagi 195 ta mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashayotgan aholini markazlashgan toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimi bilan taʼminlash nazarda tutilgan. Binobarin, Peshkuda bu yumushlar davom ettirilib, aholi xonadonlariga ulash maqsadida jami 47,5 kilometr uzunlikda oqava suv tarmoqlari tortiladi. Tozalash inshooti va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etiladi. Loyihaning toʻliq amalga oshishi uchun 9 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ sarflanishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?