Parlament tekshiruvi joriy etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 1-may kuni boʻlib oʻtgan majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan, parlamentning nazorat funksiyasini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.
Maʼlumki, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muayyan faktlarni yoki voqealarni oʻrganish maqsadida Oliy Majlis palatalarining qoʻshma qarori bilan parlament tekshiruvlari oʻtkazilishi mumkin. Ammo parlament tekshiruvini oʻtkazish boʻyicha amaldagi tartibda bir qator kamchiliklar mavjud edi. Ana shu boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglamenti toʻgʻrisida”gi va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlariga oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Qayd etilganidek, loyiha bilan Oliy Majlis palatalariga mustaqil ravishda parlament tekshiruvi komissiyasini tuzish va uni oʻtkazish vakolati berilmoqda. Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi va Senat parlament tekshiruvlarini hamkorlikda oʻtkazish huquqini saqlab qolmoqda.
Xalq vakillarining soʻzlariga koʻra, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda ilgʻor xorijiy tajriba jumladan, Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya, Italiya, Ispaniya, GFR, Daniya, Niderlandiyada kabi davlatlarning qonunchiligi chuqur tahlil qilingan. Unga koʻra, parlament tekshiruvini oʻtkazish uchun koʻplab davlatlarning parlamentlarida maxsus qoʻmitalar yoki komissiyalar tuziladi. Ular doimiy yoki muayyan (tekshiruv yakunlangunga qadar) vaqt davomida faoliyat koʻrsatadi.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlarida belgilangan parlament nazorati shakllaridan biri boʻlgan parlament tekshiruvini oʻtkazish amaliyotiga oydinlik kiritiladi. Oliy Majlisning har bir palatasiga parlament tekshiruvini oʻtkazish zaruriyatiga qarab mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati paydo boʻladi, jamiyat va davlatning eng muhim manfaatlariga daxl qiluvchi, mamlakat xavfsizligi asoslariga, uning barqaror rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muayyan faktlar yoki voqealar yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazish mumkin boʻladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring