Paxtaobodda quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi

11:06 13 Oktyabr 2025 Jamiyat
151 0

Mamlakatimizda quyosh fotoelektr stansiyalarini barpo etish yoʻli bilan energiya tizimini modernizatsiya qilish, anʼanaviy usulda elektr ishlab chiqarishga boʻlgan xarajatlarni keskin qisqartirish ishlari izchil davom etmoqda.

Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, bunday stansiyalar orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari kamida 25–30 foizga tejaladi. Ana shunday ekologik toza va iqtisodiy jihatdan samarali inshootlardan biri Paxtaobod tumanida ishga tushirildi.

— Nodirabegim nomidagi mahalla hududida barpo etilgan fotoelektr stansiyasi 40 sotix yer maydonida joylashgan boʻlib, uning umumiy quvvati 220 kilovattni tashkil etadi, — deydi Andijon viloyati hokimligi masʼul xodimi Rustamjon Eshonov. — Bu quvvat yordamida yiliga 330 ming kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Demak, stansiya orqali kamida 120 ta xonadonni uzluksiz va barqaror elektr taʼminoti bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday quyosh fotoelektr stansiyalari nafaqat aholi ehtiyojini qondirish, balki atrof-muhitni muhofaza qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki ular faoliyati natijasida yil davomida atmosferaga oʻrtacha 250 tonna uglerod gazi chiqishining oldi olinadi. Bu esa “Yashil energiya” konsepsiyasini amalga oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiluvchi yana bir qadamdir.

Saminjon HUSANOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?