Oʻzbekistonning Bosniya va Gersegovinaga birinchi elchisi tayinlandi

15:01 14 Aprel 2025 Dunyo
200 0

Oʻzbekistonning Bosniya va Gersegovinaga tayinlangan birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi Baxtiyor Ibragimov ushbu davlat Prezidiumi raisi Jelka Sviyanovichga ishonch yorligʻini topshirdi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Tadbir chogʻida Oʻzbekiston va Bosniya va Gersegovina oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

“Bosniya va Gersegovina yetakchisi Jelka Sviyanovich Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi”, deyiladi agentlik xabarida.

Shuningdek, marosim davomida har ikki tomon munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichiga olib chiqishga tayyor ekanligini tasdiqlagan.

Eslatib oʻtamiz, Baxtiyor Ibragimov bungacha Oʻzbekistonning Avstriya, Albaniya va Slovakiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi sifatida akkreditatsiya qilingan edi. Xususan, diplomat 2023-yil noyabr oyida Avstriya Prezidenti Aleksandr Van der Bellenga, 2025-yil yanvar oyida Albaniya Prezidenti Bayram Begayga va shu yilning mart oyida Slovakiya Prezidenti Peter Pellegriniga oʻzining ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Shuningdek, Baxtiyor Ibragimov 2023-yil oktyabr oyida YEXHT, YUNODC, MAGATE va Yadro sinovlarini keng qamrovli taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnoma tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar va BMTning Vena shahridagi boshqa institutlarida mamlakatimizning rasmiy vakili sifatida ham akkreditatsiyadan oʻtgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер