Oʻzbekistonga 62 kg dan ortiq narkotik olib oʻtayotganlar ushlandi

08:35 10 Mart 2026 Jamiyat
146 0

Videodan kadr

Tojikiston va Oʻzbekiston chegarasidan 62 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalarini olib oʻtayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasidan kontrabanda qilingan katta miqdordagi narkotik moddalar toʻxtatib qolingan.

Xususan, “oʻzbek-tojik” davlat chegarasining Xovos tumani Sharqobod mahallasi hududidan oʻtuvchi qismida tojikistonlik narkokurerlar tomonidan chegara sim toʻsiqlari ustidan uloqtirilgan 6 dona sumkalarni qabul qilib olgan vaqtlarida 1983 va 1990-yillarda tugʻilgan 2 nafar mahalliy fuqaro chegara naryadi tomonidan ushlangan.

Ushbu sumkalar xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, ularning ichida 8 kg 314 gr “geroin” va 54 kg 458 gr “opiy” moddalari borligi maʼlum boʻlgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi va 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер