Oʻzbekistonda yashil qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning istiqbollari qanday?

12:33 21 Oktyabr 2024 Iqtisodiyot
195 0

Oʻzbekistonda FAOning TCP/RER/3906 “Yevropa va Markaziy Osiyoda yashil qishloq xoʻjaligini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan Yashil qishloq xoʻjaligi boʻyicha muhim milliy seminar boʻlib oʻtdi. Tadbir butun mintaqada yashil qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarning bir qismi sifatida iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitning yomonlashuvi bilan bogʻliq muammolarni hal qilishda yana bir muhim qadam boʻldi.

Yevropa va Markaziy Osiyoda, jumladan, Oʻzbekistonda, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlari iqlim oʻzgarishi, oʻrmonlarning kesilishi, ekotizimning buzilishi, biologik xilma-xillikning yoʻqolishi va geosiyosiy beqarorlik kabi muammolar bilan tobora kuchliroq bosimga duch kelmoqda. Ushbu omillar oziq-ovqat taʼminoti zanjirlarini uzib, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladi. Shu bois qishloq xoʻjaligi tizimlarini yanada samarali, inklyuziv va barqaror modellarga aylantirish zaruriyati ortib bormoqda. Yashil qishloq xoʻjaligiga oʻtish iqlim oʻzgarishini kamaytirish, hosildorlikni oshirish va uzoq muddatli oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash bilan birga ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xatarlarni bartaraf etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

FAO 2022-yil may oyida Yashil qishloq xoʻjaligi boʻyicha mintaqaviy texnik platformani ishga tushirib, ushbu saʼy-harakatlarga yetakchilik qilmoqda. Mazkur platforma barqaror qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq turli texnik sohalarda bilim almashish va hamkorlikni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi. Shu asosda 2023-yilda “Yevropa va Markaziy Osiyoda yashil qishloq xoʻjaligini kengaytirish” mintaqaviy loyihasi ishga tushirildi. Bu loyiha yashil qishloq xoʻjaligi sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtirish bilan birga hududiy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan. Loyiha shuningdek, raqamli vositalardan foydalanib, ichki va mintaqalararo hamkorlikni kuchaytiradi.

Фото: "Халқ сўзи"

Mintaqaviy texnik platforma Yevropa va Markaziy Osiyoda barqaror qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tizimlariga oʻtishni qoʻllab-quvvatlovchi ekspert hamjamiyatlari oʻrtasida bilim almashish va hamkorlik qilish uchun markaz boʻlib xizmat qilmoqda. Ilmiy asoslangan yashil siyosat resurslardan samarali foydalanishni kuchaytirish va siyosatni muvofiqlashtirishda muhim rol oʻynaydi. Oziq-ovqat xavfsizligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun barqaror qishloq xoʻjaligi tizimlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.

Toshkentda boʻlib oʻtgan yashil qishloq xoʻjaligi boʻyicha milliy seminar Oʻzbekistonning yashil iqtisodiyot strategiyasini qoʻllab-quvvatlovchi turli sohalararo yondashuv sifatida yashil qishloq xoʻjaligini tatbiq etishga qaratilgan. Unda mamlakatning yashil qishloq xoʻjaligini rivojlantirish salohiyati baholandi va barqaror qishloq xoʻjaligiga oʻtish boʻyicha keyingi qadamlar belgilab olindi. Seminar davomida Milliy texnik tarmoqni yaratish masalasi ham koʻtarildi.

Tadbirda ishtirokchilar milliy yashil siyosatni koʻrib chiqib, qoʻshni mamlakatlar tajribasi bilan boʻlishdilar. Shuningdek, Oʻzbekistonda yashil qishloq xoʻjaligini targʻib qilish va rivojlantirish uchun Milliy texnik tarmoqni yaratish borasida kelishuvga erishildi. Ushbu tarmoq Yevropa va Markaziy Osiyoda oʻrganilgan saboqlar asosida Mintaqaviy texnik platformaning gʻoyalari va tajribalarini Oʻzbekistonda amaliyotga tatbiq etadi.

Фото: "Халқ сўзи"

Seminarda FAO, davlat idoralari, NNTlar, xususiy sektor, oliy taʼlim muassasalari va sanoat tashkilotlari vakillari qatnashdi. Shuningdek, asosiy manfaatdor tomonlar sifatida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, va boshqa tegishli tashkilotlar qatnashdilar.

Seminarda soʻzga chiqqan FAOning yetakchi texnik mutaxassisi Tanya Santivanes yashil qishloq xoʻjaligi tamoyillari va uning Oʻzbekistondagi agro-oziq-ovqat tizimlari uchun ahamiyatini taqdim etdi.

Iqlimga chidamli qishloq xoʻjaligi amaliyotlari boʻyicha ekspert Suzanne Keresztes esa mintaqaviy bilim almashish va hamkorlikni ragʻbatlantiruvchi raqamli platformani muhokama qildi. Ushbu platforma Yevropa va Markaziy Osiyoda yashil qishloq xoʻjaligini rivojlantirish salohiyatini maksimal darajada oshirishga qaratilgan.

Milliy siyosat boʻyicha ekspert, loyiha milliy koordinatori Jahongir Bobojonov esa yashil siyosatni tahlil qilib, Oʻzbekistonda yashil qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha strategik yoʻl xaritasini taklif qildi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sektori iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitning yomonlashishi bilan bogʻliq jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Yashil qishloq xoʻjaligi amaliyotini joriy etish uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Ushbu seminar oziq-ovqat xavfsizligi va ekologik barqarorlikka hissa qoʻshuvchi izchil yashil siyosat, hamkorlik va innovatsion yechimlar zarur.

Yashil qishloq xoʻjaligi boʻyicha ekspert Aziz Rasulov suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish va bu orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha taqdimot qildi.

FAO tomonidan ishga tushirilgan Yashil qishloq xoʻjaligi boʻyicha Mintaqaviy texnik platforma barqaror qishloq xoʻjaligi kun tartibini ilgari suruvchi mintaqalararo bilim almashish uchun raqamli markaz boʻlib xizmat qilmoqda. Ushbu platformaning raqamli imkoniyatlaridan foydalanib, FAO mintaqada qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlayotgan tarmoqlarni kengaytirishga hissa qoʻshmoqda.

FAOning Yashil qishloq xoʻjaligi boʻyicha mintaqaviy texnik platformasi haqida batafsil maʼlumotni quyidagi manzilda topishingiz mumkin: https://www.fao.org/platforms/green-agriculture/en

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер