Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi dastur boshlanadi

Foto: Prezident matbuot xizmati
Hududlarda sanoat infratuzilmasini yaxshilashga bu yil 1,7 trillion soʻm ajratildi. Kelgusi yilda bu xarajatlar 25 foizga oshirilib, 2,1 trillion soʻmga yetkaziladi.
Bundan tashqari, poytaxtda tadbirkorlar soni kundan-kunga oshib borayotganini inobatga olib, elektr tarmoqlarini yaxshilash uchun yana 2 trillion soʻm beriladi. Iqtisodiyot barqaror oʻsgani sari yangi infratuzilmaga talab ortib boraveradi. Korxonasiga tashqi infratuzilmani oʻz hisobidan qilayotgan tadbirkorlar koʻpaymoqda. Endi ularning bu xarajati foyda soligʻi bazasidan chegirib tashlanadi.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlikning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha ham mutlaqo yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning barchasi bugundanoq kuchga kiradi.
Jumladan, qisqa muddatda va tez daromad beradigan ish oʻrinlari yaratishda eng samarador yoʻnalishlardan biri boʻlgan xizmatlar sohasi jadal rivojlantiriladi.
Yil boshidan yurtimizga 7 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, 15 million aholi mamlakat boʻylab ichki sayohatga chiqdi. Kelasi 3-4-yilda xorijiy turistlarning yillik oqimi kamida 15 millionga yetadi. Shu bois turizmni rivojlantirish boʻyicha yangi dastur boshlanadi.
Kelgusi uch yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun jami 5 ming gektar yer auksionga chiqariladi. Bunda mehmonxona qurmoqchi boʻlgan tadbirkorlardan yerlarni sotib olish uchun toʻlov undirilmaydi. Evaziga davlat shu summa bilan loyihaga ulushdor boʻlib kiradi.
Tadbirkorlar 10-yil ichida istalgan paytda bu ulushni qayta sotib olishi mumkin boʻladi. Agar tadbirkor yer qiymatini boshida toʻlayman desa, 20 foiz chegirma beriladi.
Mehmonxona qurish uchun 7-yil muddatga 2-yillik imtiyozli davr bilan viloyatlar markazi va turizmga ixtisoslashgan 36 ta tumanda – 30 milliard soʻmgacha, boshqa hududlarda esa 10 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Koʻp tadbirkorlar davlat obyektlari va xususiy binolarni sotib olib, mehmonxonaga aylntiryapti. Endi yangi mehmonxona uchun koʻzda tutilgan subsidiya ularga ham beriladi.
Hozir mehmonxona egalari har bir turist uchun kuniga 62 ming soʻmgacha turistik yigʻim toʻlab berishga majbur. Endilikda Toshkent shahri, viloyatlar markazi va yirik turistik hududlardan tashqari birorta joydagi mehmonxona bu yigʻimni toʻlamaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring