Oʻzbekistonda Meta kompaniyasining vakolatxonasi ochilishi mumkin

22:56 07 Oktyabr 2025 Jamiyat
275 0

Foto: ILMA

Oʻzbekistonda Facebook, Instagram, WhatsApp, Threads kabi ijtimoiy tarmoqlarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi vakolatxonasi ochilishi mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar qildi.

Maʼlum qilinishicha, ILMAda Meta kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtgan. Muhokama chogʻida Oʻzbekistonda Meta vakolatxonasini ochish istiqbollari, reklamani ilgari surish va kompaniya platformalarida joylashtirishda firibgarlikning oldini olish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, kontentni monetizatsiya qilish va mamlakatdagi raqamli kontent yaratuvchilarini qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.

Uchrashuvda Meta vakillari orasida Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun davlat siyosati boʻyicha direktor Sarim Aziz, Markaziy Osiyo, Moʻgʻuliston, Shri-Lanka va Maldiv orollari uchun davlat siyosati boʻyicha rahbar Senura Abeyvardena, Markaziy Osiyo, Gonkong va Tayvan boʻyicha hukumat bilan aloqalar va ijtimoiy tashabbuslar boʻyicha rahbar Aurora Li va Markaziy Osiyo va Moʻgʻuliston uchun davlat siyosati boʻyicha mintaqaviy menejer Yerasil Kalixan boʻlgan.

Tomonlar raqamli platformalarni tartibga solish, foydalanuvchilarni himoya qilish va adolatli monetizatsiya tizimini rivojlantirish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatish va tajriba almashish muhimligini qayd etgan. Shuningdek, raqamli xavfsizlik, reklama shaffofligi, masʼuliyatli raqamli xulq-atvorni targʻib qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Yakunda oʻzaro hamkorlikni davom ettirish va hamkorlikning muayyan yoʻnalishlarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер