Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlashda qanday oʻzgarishlar roʻy bermoqda?

16:40 12 Noyabr 2020 Siyosat
5361 0

2020-yilning 12-noyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasida olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.

Qolaversa, matbuot anjumanida bandlik va mehnat munosabatlari, sogʻliqni saqlash, ichki ishlar, oliy va oʻrta maxsus taʼlim, xalq taʼlimi vazirliklari vakillari, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini taʼminlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida roʻyobga chiqarilmoqda.

Xususan, soʻnggi uch yilda gender tenglikni taʼminlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrildi. Xotin-qizlarning huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan qariyb 20 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 2 ta qonun, 1 ta Prezident qarori, 4 ta Prezident Farmoni, 13 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi. Qonun hujjatlari xotin-qizlarning mehnat va tadbirkorlik huquqlariga oid standartlarga mosligi nuqtayi nazaridan inventarizatsiya qilindi.

Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq barcha vazirlik va idoralarda gender tenglik masalalari boʻyicha Maslahat kengashi organlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi va mehnat jamoalarida Maslahat kengashlari tashkil etildi.

Xotin-qizlarning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etildi.

Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar taʼminlash jamiyatimizda tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni saqlashning asosiy omillaridan biridir. Shuni hisobga olgan holda “2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi tayyorlanib, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan kelishilmoqda. Shunisi eʼtiborliki, mazkur strategiyadagi barcha yoʻnalishlar BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2019-yil 10-iyundagi qoʻshma qarori bilan “Ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar” roʻyxati bekor qilindi.

Erkak va ayolning teng huquqliligi xalq farovonligida, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda muhim oʻrin tutadi. Shu jihatdan ayollarning bandligini taʼminlash, ularning oʻz intilish va qobiliyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqara olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi davlatimizning doimiy diqqat markazida. Jumladan, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha tizimli oʻquvlar tashkil etilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi tizimida 16 nafar ayol rahbarlik, 6 nafar ayol hokimlik, 1 nafari elchilik lavozimini egalladi. Bundan tashqari, 1 500 ga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

2019-yil dekabr oyida Oliy Majlisga va mahalliy kengashlarga oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra, ayol deputatlar soni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 32 foizini, ayol senatorlar esa Senat aʼzolarining 25 foizini, mahalliy Kengashlarda esa xotin-qizlar ulushi 25.6 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston parlamenti jahondagi 190 ta parlament orasida 44-oʻrinni egalladi.

Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ham davlatimizning doimiy eʼtiborida. Xususan, 2018-2020-yillar davomida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan ogʻir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj 3 878 nafar xotin-qizlarning boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.

Kam taʼminlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun kasb-hunar taʼlimi muassasalariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan grantlar ajratish amaliyoti joriy etildi.

Hukumat qarori bilan xotin-qizlar uchun qoʻshimcha grant asosida oliy taʼlim muassasalariga kirish tartibi belgilandi.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish yuzasidan ham mamlakatimizda eʼtiborga loyiq ishlar olib borilayotganligi matbuot anjumanida alohida taʼkidlandi. Xususan, kelgusi yil 1-iyundan boshlab 5 yoshgacha boʻlgan bolalar vitaminlar va mikronutriyentlar bilan,10 yoshgacha bolalar parazitlarga qarshi dorilar bilan, homiladorlar, emizikli ayollar va 15 yoshgacha boʻlgan bolalar yod preparatlari bilan, 35 yoshgacha ayollar foliy kislotasi va ferrum bilan bepul taʼminlanishi belgilandi. Ushbu dori vositalari va vitaminlar oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladi.

Shuningdek, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida YUNISEF, YUNFPA, BMT BMT JB, OTB, YUSAID YEXHT, YETTB kabi xalqaro tashkilotlar bilan ikki tomonlama takliflar asosida yillik qoʻshma rejalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish yoʻnalishida ham muhim qadamlar qoʻyildi. Bu boradagi tegishli qonunga muvofiq “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish toʻgʻrisida”gi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi.

Hozirgi vaqtga qadar ichki ishlar organlariga himoya orderi soʻrab 7 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlib, 6183 holatda xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berildi.

Koronavirus pandemiyasi davrida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida Komissiya tomonidan “NNTlar birlashmasi” va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning 10-apreldan boshlab “Ishonch telefoni” xizmati yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi kunga qadar “Ishonch telefoni” orqali 3 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, ularning 40 foizi zoʻravonlik holatlari bilan bogʻliq boʻlib, xotin-qizlarga psixologik va yuridik yordam koʻrsatildi.

Karantin davrida ayrim notinch oilalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida «Telegram» ijtimoiy tarmogʻida “Zoʻravonlikka yoʻl yoʻq!” kanalining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olgan, muvaffaqiyatli ayollarning hayot tajribasini ommalashtirish maqsadida www.genkom.uz sayti yaratildi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, xususan teleradiokanallar hamda gazeta va jurnallar orqali 3 mingdan ortiq, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy axborot saytlarida 2 mingdan ziyod targʻibot va tushuntirish tadbirlari olib borildi.

Matbuot anjumanida mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasida olib borilayotgan bu va boshqa ishlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Tadbir ishtirokchilari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер