Oʻzbekiston velosportchilari Osiyo arenasida oltin medallar jamgʻarmoqda

15:56 09 Yanvar 2026 Sport
570 0

Shu kunlarda Malayziyaning Nilay shahrida velosportning trek yoʻnalishi boʻyicha nufuzli “ASEAN TRACK SERIES” (President Cup) musobaqasi boʻlib oʻtmoqda. Mazkur xalqaro turnirda Osiyo mintaqasining kuchli sportchilari qatorida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari ham gʻalaba uchun kurash olib bormoqda.

Musobaqaning ilk kunlaridanoq yurtimiz atletlari yuksak natijalar qayd etmoqda. Xususan, terma jamoa aʼzosi Sergey Rostovsev “omnium” yoʻnalishida barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor boʻldi. Ushbu yoʻnalish sportchidan nafaqat yuqori tezlik, balki chidamlilik, taktik fikrlash va barqarorlikni ham talab etdi. S.Rostovsev musobaqaning barcha bosqichlarida ishonchli harakat qilib, gʻalabaga loyiq ekanini isbotladi.

Quvonarlisi, Sergey Rostovsev keyingi startlarda ham oʻz mahoratni namoyon etdi. U “scratch” va “elimination” dasturlarida ham birinchi oʻrinni egallab, terma jamoamiz hisobiga qatorasiga uchta oltin medalni qoʻshdi. Bu natija Oʻzbekiston velosporti uchun mavsum boshidayoq qoʻlga kiritilgan muhim yutuq sifatida eʼtirof etilmoqda.

Maʼlumki, “ASEAN TRACK SERIES” musobaqasi ikki bosqichda tashkil etiladi va unda yurtimiz terma jamoasining 6 nafar vakili ishtirok etmoqda. Erkaklar jamoasi safida Sergey Rostovsev, Vladislav Troman, Behzod Nurmatov va Danil Fyodorov bahs olib bormoqda. Ayollar jamoasidan esa Asal Rizayeva hamda Nafosat Koziyeva mamlakat sharafini himoya qilmoqda.

Eʼtiborli jihati shundaki, terma jamoamiz ushbu musobaqada yangi murabbiylar — germaniyalik mutaxassis Yoxan Dornbush hamda tajribali sportchi va murabbiy Olga Zabelinskaya rahbarligida ishtirok etmoqda. Mutaxassislarning zamonaviy tayyorgarlik uslublari va yondashuvi qisqa vaqt ichida ijobiy samara bera boshlagani qoʻlga kiritilgan oltin medallar bilan yaqqol namoyon boʻldi.

Ushbu muvaffaqiyat Oʻzbekiston velosporti uchun yil boshidagi katta ragʻbat boʻlib, kelgusi xalqaro musobaqalar oldidan sportchilarimizga ishonch va ruhiy koʻtarinkilik bagʻishlaydi. Terma jamoamizni oldinda yana masʼuliyatli startlar kutib turibdi va muxlislarimiz ulardan yangi gʻalabalarni intiqlik bilan kutmoqda.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?