Oʻzbekiston va Vengriya farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni faollashtiradi

15:26 31 May 2024 Jamiyat
263 0

Oʻzbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov “Meditop” farmatsevtika kompaniyasi boshqaruvchi direktorlari va taʼsischilari David Greskovis va Zoltan Ach bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston korxonalari va “Meditop” kompaniyasi oʻrtasida farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Vengriya tomoniga Oʻzbekistonning farmatsevtika sohasidagi investitsiyaviy jozibadorligi, shuningdek, mamlakatimizdagi yetakchi farmatsevtika korxonalari faoliyati haqida maʼlumotlar berildi.

Farmatsevtika sohasi Oʻzbekiston—Vengriya hamkorligining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi alohida taʼkidlandi.

“Kompaniya Oʻzbekistonda, jumladan, innovatsion dori vositalari ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida oʻz faoliyatini har tomonlama kengaytirish tarafdor”, dedi David Greskovis.

Shuningdek, uchrashuvda “Meditop” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan keng turdagi dori vositalarini Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtkazish masalalari xususida fikr almashildi.

13 turdagi dori vositalariga patentga ega boʻlgan “Meditop Pharmaceutical Ltd“ kompaniyasi oʻz mahsulotlarini Germaniya, Vyetnam, Yaponiya kabi 20 ga yaqin davlatga eksport qilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, Vengriya iqtisodiyoti uchun farmatsevtika sanoati iqtisodiyotning anʼanaviy va innovatsion tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan farmatsevtika mahsulotlarining qariyb 90 foizi eksport qilinadi. Vengriya farmatsevtika mahsulotlarini eksport qiluvchi va import qiluvchi yigirmata yirik davlatdan biridir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?