Oʻzbekiston va Rossiya parlamentlari yuqori palatalari hamkorligi boʻyicha komissiyasining majlisi boʻlib oʻtdi

Qozon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha komissiyaning oʻninchi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, taʼlim, agrar va gumanitar sohalarda hududlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, ikki mamlakat oʻrtasidagi sayyohlik almashinuvini faollashtirish masalalari muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, 2025-yilning yanvar–iyul oylarida Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi oʻtgan yilga nisbatan 6,5 foizga oʻsgan. Oʻzbekistonning eksport hajmi esa 17 foizga oshdi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Rossiyaning 14 ta yetakchi oliy taʼlim muassasasi filiallari faoliyat yuritmoqda. Ularda 20 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda.
Soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi parlament diplomatiyasi bugungi kunda strategik sheriklikning muhim tarkibiy qismiga aylanganini, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash, madaniy almashinuv va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.
Majlisda mintaqalar oʻrtasidagi aloqalarning ahamiyatiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Tatariston, Boshqirdiston, Moskva, Samara va Leningrad oblastlari misolida hududlararo hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qayd etildi. Parlament aʼzolari bu tashabbuslarni qonunchilik jihatidan qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, qishloq xoʻjaligida ekologik toza mahsulotlarni Rossiya bozoriga yetkazib berish, transport-logistika tizimini takomillashtirish va fitosanitariya talablarini soddalashtirish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Turizm almashuvini kengaytirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, transport va viza tartibotlarini soddalashtirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Gumanitar sohadagi hamkorlik — madaniy almashinuvlar, yoshlar dasturlari va ayol parlament aʼzolari oʻrtasidagi muloqotni qoʻllab-quvvatlash — ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring