Oʻzbekiston va Kanada parlamentlararo hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda

09:57 02 Dekabr 2025 Siyosat
123 0

Ilgari xabar berganimizdek, 2025-yil 25–27-noyabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Kanadaga rasmiy tashrifi amalga oshirildi.

27-noyabr kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi Kanada poytaxti Ottava va Toronto shaharlarida bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Kanada parlamenti binosida “Oʻzbekiston kunlari” hamda “Yangi Oʻzbekiston: Shavkat Mirziyoyev yoʻli” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimot tadbirida parlament aʼzolari, davlat idoralari vakillari, yirik kompaniyalar, biznes uyushmalari, ekspertlar va jurnalistlardan iborat 80 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Kanadalik siyosiy doiralar vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuksak baholadi. Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv tashqi siyosati tufayli ikki davlat oʻrtasida hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.

Uchrashuvlarda ikki davlat elchixonalarini tashkil etish jarayonini tezlashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Shuningdek, 2026-yilda Samarqandda birinchi “Oʻzbekiston–Kanada” parlament forumini oʻtkazish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Kanada parlamenti Senatida esa Oʻzbekistonda “Kanada kuni”ni tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Shu bilan birga, delegatsiya Kanada parlamenti Senati Spikeri Raymonde Gane va Jamoalar palatasi Spikeri Frensis Skarpaledja bilan ham muloqot oʻtkazdi.

Gane Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlar haqida oʻzining ijobiy fikrlarini bildirib, Ottavada Oʻzbekiston elchixonasi ochilishini toʻliq qoʻllab-quvvatladi. F. Skarpaledja esa ikki parlament oʻrtasidagi aloqalar faollashib borayotgani, ayniqsa Samarqandda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan forumda Kanada tadbirkorlari delegatsiyasining ishtiroki muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari parlament doʻstlik guruhi raisi Ziad Abuoltaif va aʼzolar bilan uchrashuvda migratsiya, iqtisodiyot va madaniy aloqalar masalalarini muhokama qildi. Kanadada istiqomat qilayotgan 60 mingdan ortiq oʻzbekistonlik diasporaning ijobiy hissasi alohida qayd etildi. Kanada sogʻliqni saqlash tizimida tibbiyot xodimlariga ehtiyoj yuqori boʻlib, bu borada Alberta va Ontario provinsiyalari bilan muzokaralar olib borilayotgani taʼkidlandi.

Kanada parlamenti senatorlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda Oʻzbekistonda jamoat xavfsizligi, shaharsozlik va diniy bagʻrikenglik borasidagi islohotlar yuksak baholandi, shuningdek, mamlakatimizning investitsion ochiqligi kanadalik tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?